Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat a’zolari bilan yig‘ilishda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat tufayli butun Rossiya bo‘ylab 30 oktabrdan 7 noyabrga qadar ishlanmaydigan kunlar joriy etilishi haqida e’lon qildi. Bu haqda «Rossiya 24» telekanalida xabar qilindi.

Ta’kidlanishicha, xodimlarning oylik maoshlari saqlanib qoladi, ishlanmaydigan kunlar uzaytirilishi mumkin. Shuningdek, «og‘ir» hududlarda bu muddat 23 oktabrdan boshlanishi mumkin.

Vladimir Putin aholini koronavirusga qarshi emlash jarayoni hali ham sustligicha qolayotgani, shuning uchun kasallik tarqali sur’atlarini «sindirish» lozimligini ta’kidladi. U COVID-19 ga qarshi test o‘tkazish hajmini kengaytirish kasallanishlar sonini qisqartirishga yordamlashishi mumkinligini aytib o‘tdi. «Virus tarqalish zanjirini uzish kerak», — dedi Rossiya prezidenti. Putin yaqlari kasallikka chalingan rossiyaliklardan uyda qolishni so‘radi.

Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikovaning ma’lum qilishicha, 35 ta hududda COVID-19 ga chalinish holatlari oshgan. Ularning 7 tasida — Stavropol, Adigeya, Chelyabinsk, Oryol, Amur, Samara, Saratov viloyatlarida kasalxonalardagi bo‘sh o‘rinlarning 95 foizi band. Rossiya bo‘yicha bu ko‘rsatkich 86,6 foizni tashkil etmoqda.

Hukumat raisining birinchi o‘rinbosari Andrey Belorusov ishlanmaydigan kunlarning joriy etilishidan biznes 60 mlrd rublga yaqinroq zarar ko‘rishini ta’kidladi.

16 oktabr kuni Rossiyada ilk bor kuniga mingtadan ko‘p koronavirusdan o‘lim holati qayd etildi. Sankt-Peterburgda kasallanish va o‘limlar soni ko‘payishi ortidan kafe, restoran, muzey, kontsert va boshqa jamoat joylariga tashrif buyurish uchun QR-kodlar joriy etildi. Moskvada esa 60 yoshdan oshgan emlanmagan fuqarolar uchun o‘zini izolyatsiya qilish rejimi e’lon qilindi. Ular fevralgacha uyda qolishlari kerak.