Hukumatning 15 oktabrdagi qaroriga binoan, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan o‘qituvchi-pedagoglarni jalb qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega bo‘lgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinadi. Xususan:

  • bir ma’muriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
  • boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to‘lanadi.

Shuningdek, boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi yil uchun ham to‘lanishi qayd etilgan.

Nizomga muvofiq, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish istagini bildirgan o‘qituvchilarga quyidagi talablar qo‘yiladi:

  • tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
  • dars berayotgan fani bo‘yicha birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi;
  • boshqa hududda kamida bir yil pedagogik faoliyat yuritgan bo‘lishi;
  • amalda faoliyat yuritayotgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatida mavjud bo‘lmasligi lozim.

Nizomda ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish istagini bildirgan o‘qituvchi-pedagoglar har yili 1 iyuldan 1 avgustga qadar quyidagi ikki bosqichda saralab olinishi belgilangan:

  • birinchi bosqichda ariza bilan ro‘yxatdan o‘tgan o‘qituvchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar (diplom bo‘yicha mutaxassisligi, malaka toifasi hamda ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktabga borishining asosiy maqsadi va ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha istiqboldagi rejasi) o‘rganib chiqiladi;
  • ikkinchi bosqichda ariza bilan ro‘yxatdan o‘tgan o‘qituvchilar kasbiy bilim va ko‘nikmalari, pedagogik mahorati hamda psixologik qobiliyati yo‘nalishida suhbatdan o‘tkaziladi.

Saralash onlayn tarzda amalga oshirilishi belgilangan.

Suhbat uchun savollar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tayyorlanib, saralash e’lon qilingandan kamida bir oy avvalvazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Ishchi guruhlar saralashning ikkinchi bosqichi yakunlangach, bir kun muddatda ichida saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchi-pedagoglar ro‘yxatini shaklantirib, Vazirlikka taqdim qiladi va ular to‘g‘risida ma’lumotlarni elektron platformaga kiritadi.

Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktabda dars berish uchun murojaat qilgan va saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchi-pedagoglar ro‘yxati har yili 10 avgustga qadar vazirlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Shuningdek, hukumat qaroriga binoan, pedagogika yo‘nalishlarida kunduzgi, kechki, sirtqi bo‘limlarining 3-kursida tahsil olayotgan talabalarga maktablarda dars berish huquqi berildi. Qolgan yo‘nalishlar 4-kursdan dars berishi mumkin.

Ma’lumot uchun, ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxati Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda shakllantiriladi. Bunda asosiy mezon etib quyidagilar belgilangan:

  • maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi natijalari;
  • maktabning reytingi;
  • «Zamonaviy maktablar»ga qo‘yiladigan talablar asosida baholash natijalari.