19 oktabr kuni Xalqaro media xollda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestrini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

«Bu fuqarolarning turli huquqlariga ta’sir qilishini inobatga olgan holda, buni qonun sifatida qabul qilish taklifi bildirildi. Bugungi kunda biz Korrupsion jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning reyestri to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqdik. Nasib qilsa, keyingi hafta jamoatchilik muhokamasiga qo‘yamiz. Mana shu qonun asosida bu reyestr yuritiladi», — dedi u.

Akmal Burxonov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Avvalroq, prezidentning 6 iyuldagi farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab «Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilishi belgilangandi.

«Biz 1 yanvargacha ham huquqiy mexanizmini, ham tizimni yaratish, ya’ni, o‘sha ochiq elektron reyestrda nimalar ko‘rsatishi, fuqarolar uchun nimalar ochiq bo‘lishi ustida ishlayapmiz. Albatta uning ismi, sharifi, qaysi korrupsion jinoyatlarni sodir qilganligini e’lon qilib boriladi. Hozircha hammasi rejadagidek ketayapti», — dedi Akmal Burxonov.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmonida mazkur reyestrga kirgan shaxslarga davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi taqiqlanadi.

Qolaversa, saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarining ko‘rsatilishi, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zosi bo‘lish mumkin emas.

Ular tomonidan ta’sis etilgan va (yoki) ular ishtirokchisi hisoblangan tadbirkorlik subyektlari davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnasha olmaydi. Shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog‘liq tender va tanlov savdolarida ishtirok etishi, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi taqiqlanadi.