SSV matbuot xizmatining xabar berishiga ko‘ra, O‘zbekistonga Pfizer/BioNTech vaksinasining navbatdagi partiyasi olib kelindi.

Ma’lumotga ko‘ra, 526 500 Pfizer/BioNTech vaksinalari bugun Toshkent aeroportida qabul qilib olingan.

«Gazeta.uz»dagi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu vaksinalar AQSh hukumati tomonidan COVAX global dasturi doirasida yuborilgan. Oldinroq ham AQSh hukumati ushbu vaksinadan 1,2 mln doza yuborgan edi. Shunday qilib, O‘zbekistonga olib kelingan Pfizer/BioNTechning umumiy miqdori 1 mln 726 ming 500 dozaga yetdi.

Avvalroq, SSV ushbu vaksinadan oktabr oxirigacha 800 ming doza keltirilishini ma’lum qilgan edi. Demak, oy oxirigacha ushbu vaksinadan yana 274 ming 500 doza olib kelinadi.

Bundan tashqari, vazirlik oktabr oyida O‘zbekiston yana 1,7 mln doza Sinovac vaksinasini qabul qilishini ta’kidladi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning o‘zida 15,5 million doza ZF-UZ-VAC2001 hamda 633 ming dozadan ortiq ikki komponentli «Sputnik V» vaksinalari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Yil oxirigacha O‘zbekistonga keltirilgan vaksinalar dozasi 47 millionga yetishi aytilmoqda.

«Ushbu miqdor bilan O‘zbekiston aholisining 17,4 million nafarini to‘liq emlash mumkin bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Emlash boshlanganidan beri O‘zbekistonga keltirilgan vaksina miqdori 29 214 488 dozani tashkil qilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda ota-onalar va vasiylarining roziligi asosida ixtiyoriy ravishda 12 yoshdan katta bolalarni ham Pfizer/BioNTech vaksinasi bilan emlashga ruxsat berilganligini eslatib o‘tdi.

14 oktabr holatiga ko‘ra, 151 124 nafar 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlangan.