Prezident 14 oktabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi [O‘RQ-722-son] qonunga imzo chekdi.

Qonun 16 avgustda Qonunchilik palatasi tomonidan, 30 sentabr kuni esa Senat tomonidan ma’qullangan.

Hujjatga bilan 2004 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida"gi qonun deputat yordamchisi to‘g‘risidagi 9−4-modda bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, deputat o‘zini deputatlikka nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya bilan aloqasini saqlab turish hamda o‘z saylov okrugidagi faoliyatini samarali tashkil etish uchun yordamchiga ega bo‘lishga haklidir.

Shu munosabat bilan 1996 yildagi «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida«gi qonundan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining vakili to‘g‘risidagi 14−2-modda chiqarib tashlandi.

O‘zbekistonning 18 yoshga to‘lgan fuqarosi deputatning yordamchisi bo‘lishi mumkin. Uni ishga qabul qilish deputatning taqdimnomasiga ko‘ra deputatning vakolatlari davriga tuziladigan muddatli mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi.

Shartnoma deputatning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan, shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda tugatilishi mumkin.

Deputat yordamchisi deputatning vakili sifatida saylov okrugida doimiy faoliyat yuritadi va sudlanmagan bo‘lishi lozim. Unga haq to‘lash siyosiy partiya mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi.

Yordamchi saylovchilarni Qonunchilik palatasidagi deputati faoliyatidan, o‘z navbatida deputatni saylov okrugida yuz berayotgan voqealar, fuqarolar murojaati, mahalliy ijro hokimiyati qarorlaridan xabardor qilib turadi.

Hujjat 15.10.2021 yildan kuchga kirgan.

Avvalroq, deputat yordamchisi institutini joriy etish orqali deputat va saylovchi o‘rtasidagi muntazam aloqani yaxshilashga erishish maqsad qilingani haqida yozgan edik. Tashabbus «Milliy tiklanish» partiyasi tomonidan ilgari surilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 150 nafar deputatdan iborat.