“Ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 martdan quyidagi xizmatlar YAIDXP orqali elektron shaklda ko‘rsatiladi:

  • O‘zbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
  • chet davlatda O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlash bo‘yicha tegishli hujjatlar va ma’lumotnomalar olish;
  • sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi ma’lumotlar olish;
  • avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish;
  • jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarida saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.

Haydovchining yo‘l-patrul xizmati inspektoriga taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlari yonida bo‘lmagan taqdirda ular maxsus planshet qurilmasi yordamida identifikatsiya ID-kartasi orqali tekshiriladi.

Bunda, identifikatsiya ID-kartaga ega fuqarolarga tegishli transport vositasi haydovchisidan quyidagilarni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi:

  • yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi;
  • transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, transportga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • transport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi.

2022 yil 1 fevralgacha sug‘urta shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar yagona axborot tizimiga to‘liq kiritiladi.

Qaror bilan shuningdek, IIO tizimiga axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda shaxsni identifikatsiyalashning yagona mexanizmini joriy etish boshlanib, 2030 yilgacha pasportlar ID-kartalarga almashtiriladi.

19 maydan boshlab ID karta yordamida tekshirish amaliyoti Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 1 sentabrdan haydovchilardan avtomototransportni boshqarish uchun ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan), texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot, avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma elektron shaklga o‘tkazish orqali mazkur hujjatlarni haydovchidan talab etish tartibi bekor qilingan.