«Tolibon» IDga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya o‘tkazmoqda

«Tolibon» jangarilari Afg‘onistonning bir qancha viloyatlarida «Islomiy davlat» (ID) terrorchilik guruhiga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Xabarga ko‘ra, janglar kamida to‘rtta provinsiyada — Kobul, Kunar, Nangarxar va Parvonda bo‘lib o‘tmoqda. Aynan o‘sha yerda, ma’lumotlarga ko‘ra, ID jangarilari so‘nggi paytlarda «Tolibon»ga qarshi hujumlar uyushtirishmoqda. «Maxsus kuchlarimiz razvedka bilan birgalikda IDga qarshi operatsiyalar o‘tkazmoqda. Biz bu harakatni yo‘q qila olamiz va mamlakatda uning qo‘zg‘olonini to‘xtatamiz deb umid qilamiz», — dedi harakat matbuot kotibi Bilol Karimiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyalar davomida o‘nlab ID a’zolari o‘ldirilgan, shuningdek, o‘nlab terrorchilar qo‘lga olingan. — Interfaks (EFE).

Shuningdek:

  • Afg‘onistonning Qunduz shahrida shia masjidi portlatildi. «Tolibon» vakillari kamida 100 kishi portlash natijasida halok bo‘lganligini ta’kidlamoqda. Hozircha hech qaysi terrorchi guruh ushbu terakt uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgani yo‘q.

Hindiston sayyohlik vizalarini berishni boshlaydi

Hindiston 15 oktabrdan boshlab bir yarim yillik tanaffusdan so‘ng xorijiy fuqarolarga turistik vizalar berishni boshlaydi. Bunday vizani olish uchun sayyohlar charter reys bilan kelishi kerak bo‘ladi, deb yozadi The Times of India. 15 noyabrdan boshlab muntazam reyslar bilan kelgan sayyohlar ham turistik vizalar olishlari mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, sayyohlik vizalarini joriy etish oxirgi oylarda biznes, diplomatik va talabalik vizalarini berishga ruxsat berilganidan keyingi qadam bo‘ldi. Avvalroq, dastlabki 500 ming xorijlik sayyoh vizalarni tekin olishi haqida xabar berilgan edi.


Google iqlim o‘zgarishini inkor etuvchi kontentni monetizatsiya qilishni taqiqladi

Google o‘zining saytlari va YouTube’da ilmiy doiralarda iqlim o‘zgarishi to‘g‘risida puxta o‘rganilgan nazariyani inkor etuvchi reklama va kontentni monetizatsiya qilishni taqiqlashini e’lon qildi. Cheklovlar iqlim o‘zgarishini soxtalashtirish yoki firibgarlik deb atash, uzoq muddatda global isish ta’sirini inkor etish, SO2 chiqindilari va inson faoliyati iqlim o‘zgarishini tezlashtiradi deya targ‘ib qiluvchi kontentga taalluqli.

Kompaniyaning bayonotiga ko‘ra, ular so‘nggi yillarda reklama bo‘yicha sheriklaridan noroziliklarni eshitishmoqda. Ular o‘zining reklamalari yonida «iqlim o‘zgarishi haqidagi noaniq da’volar»dan iborat bo‘lgan reklamalarni ko‘rishni xohlamayapti, manba egalari esa bunday narsalar sahifalarida paydo bo‘lishiga qarshi chiqishmoqda.


Yaponiyada yuz bergan kuchli zilzila oqibatida 30 dan ortiq kishi jarohat oldi

Tokio hududida kuchli zilzila natijasida 32 kishi jarohatlandi, ulardan uch nafari og‘ir shakllarda jarohat olgan. Ta’kidlanishicha, ushbu zilzila Yaponiyada 2011 yildan buyon sodir bo‘lgan eng yirigidir.

Fojia oqibatida suv ta’minoti tizimida o‘nlab uzilish holatlari qayd etilgan, shahar atrofi poyezdlari va metro harakatlanishi to‘xtatilgan. East Japan Railway kompaniyasi poyezdlar harakati juma kuni ertalab qayta tiklandi, deb xabar berdi. Tokyo Electric Power Company xoldingi Tokio markazidagi 250 ga yaqin uy vaqtincha elektr ta’minotisiz qolganini ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila payshanba kuni kechki soat 22:41 da boshlangan. AQSh Geologiya xizmati zilzila magnitudasini 5,9 ballga baholadi. Zilzila markazi Chiba prefekturasining shimoli-g‘arbida 80 km chuqurlikda joylashgan. — Interfaks.

Bundan tashqari:

Tunisda ikkita poyezdning to‘qnashuvi oqibatida 30 dan ortiq odam jarohat oldi. «Payshanba kuni kechqurun «Megrin-Riad stansiyasida ikkita yo‘lovchi poyezdining to‘qnashuvi oqibatida kamida 33 kishi turli darajadagi tan jarohatlari oldi», — dedi Tunis milliy temir yo‘l kompaniyasi vakili Xassen Miadi. Uning aniqlik kiritishicha, Tunis va Gabesning janubiy chekkalaridan kelayotgan yo‘lovchi poyezdlar to‘qnashgan. To‘qnashuv sabablarini aniqlash uchun tergov boshlandi. — Interfaks (TAP).


Serra-Leoneda o‘lim jazosi bekor qilindi

Afrikaning g‘arbiy qismida joylashgan Serra-Leoneda o‘lim jazosi bekor qilindi. Bu haqda mamlakat prezidenti Julius Maada Bio tegishli qonunni imzolagandan so‘ng ma’lum qildi. «Serra-Leone tarixida yangi sahifa ochildi. 20 yildan so‘ng rasmiylar o‘z majburiyatlarini bajardilar, respublikada o‘lim jazosi butunlay bekor qilindi», — dedi prezident.

Mamlakat rahbari tomonidan imzolangan qonun iyul oyida parlament tomonidan qabul qilingandi. 1991 yildan buyun amaldagi Serra-Leone konstitutsiyasida vatanga xiyonat, isyon, o‘ta og‘ir holatlardagi qotillik yoki o‘g‘rilik uchun o‘lim jazosi ko‘zda tutilgan. Oxirgi marta 1998 yilda, to‘ntarishga urinishda ayblangan 24 nafar zobit qatl etilgandi. O‘lim jazosi o‘rniga mamlakat hukumati og‘ir jinoyatlar uchun umrbod qamoq jazosini saqlab qoldi. — TASS (AFP).

Bundan tashqari:

Nigeriya shimoli-g‘arbidagi Zamfara shtati politsiyasi hududning turli joylarida qaroqchilar tomonidan o‘g‘rilab ketilgan 187 kishini ozod qildi. Qaroqchilar asirlarni 50 kundan ko‘proq ushlab turishgan. Ta’kidlanishicha, 17 kishi asirda bo‘lganida ochlikdan vafot etgan. Ozod bo‘lganlar shtat hokimiyatiga topshirildi. — TASS (The Punch).


Shuningdek:

  • 2021 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti rossiyalik jurnalist Dmitriy Muratov va filippinlik jurnalist Mariya Ressaga topshiriladi. Nobel qo‘mitasi ularning demokratiya va tinchlikning asosiy sharti bo‘lmish so‘z erkinligini himoya qilishdagi sa’y-harakatlarini e’tirof etdi.
  • AQSh senatorlari davlat qarzining chegarasini vaqtincha oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladilar. 50 nafar senator loyihani qo‘llab-quvvatlagan, 48 nafari qarshi chiqqan. Mazkur qonun loyihasi shu yilning 3 dekabriga qadar davlat qarzi chegarasini 480 mlrd dollarga oshirishni nazarda tutadi. Avvalroq, mamlakat rahbari Jo Bayden respublikachilarga murojaatida, agar mamlakat Kongressi davlat qarzining chegarasini oshirishga rozi bo‘lmasa, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan defolt dollarning jahon zaxira valyutasi maqomini tahdid ostiga soladi, deb aytgan edi.