Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi, hokimning axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Fahriddin Qodirovning internetdagi so‘zlaridan so‘ng u bilan mehnat munosabatlari bekor qilinishini ma’lum qildi.

Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi Fahriddin Qodirov shaharda chet tillardagi so‘zlari o‘rniga o‘zbekcha so‘zlarni ishlatish bo‘yicha targ‘ibot aksiyasi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardagi ommaviy munozarada «davlat xizmatchisining maqomiga xos bo‘lmagan tarzda o‘z fikrini noto‘g‘ri shaklda bildirib, muloqot madaniyatining umumqabul qilingan me’yorlarini buzgan. U muloqot davomida qo‘pol so‘zlar ishlatgan, bu holat, o‘z navbatida, jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan», deyiladi AOKA xabarida.

Sobiq matbuot kotibi o‘z izohida chellenj haqida tarqatgan, «oddiy so‘zlardan tuzilgan» xabarini tushunmagan odamlarni «tupoy yoki o‘zidan tupoy yasab olgan kaltafahmlar» deb atadi. Bu odamlarga «balki 100 marta hayot berilsa ham tushunolmaydi. Chunki xohlamaydi», deb yozgan edi u.

«U o‘z xatti-harakatlari bilan davlat xizmatchisining axloqiy me’yorlari va kodeksini buzgan, shuningdek, o‘z faoliyatida muloqot madaniyati me’yorlariga rioya qilmagan», — deya ta’kidladi AOKA.

Agentlik barcha matbuot kotiblarini «so‘zga mas’uliyatli bo‘lish, o‘z vazifalariga jiddiy yondashish, shuningdek, aholi so‘rovlariga tezkorlik bilan javob berishga» chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, aksiya doirasida do‘konlar, ta’lim muassasalari, jamoat transporti va boshqa jamoat joylarida o‘zbek va rus tillarida tez-tez qo‘llaniladigan so‘zlar aks etgan varaqalar yopishtirib chiqilgan edi. O‘zbek tilidagi so‘zga «yashil tasdiq belgisi», uning rus tilidagi tarjimasiga esa «qizil inkor» belgisi qo‘yilgan.

Fahriddin Qodirov shahar rahbariyati o‘zining aksiyasida «shunchaki tez-tez qo‘llaniladigan so‘zlarning tarjimasi borligini eslatmoqchi bo‘lgan"ligini va bu rus tilini cheklash bilan bog‘liq emasligini ta’kidlagan edi.