6 oktabr kuni Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamkorligida «Probatsiya xizmati faoliyatida inson huquqlarining ta’minlanishi hamda o‘zaro hamkorlik» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Ombudsman matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, unda probatsiya bo‘linmalarida hisobda turgan shaxslar to‘g‘risida ham ma’lumot berilgan.

Yil boshida nazoratda turganlarning soni 57 036 nafar bo‘lgan, o‘tgan 8 oy ichida 41 034 nafar shaxs hisobga olingan bo‘lsa, 37 636 nafari hisobdan chiqarilgan.

1 sentabr holatiga 60 434 nafar shaxs nazorat ostiga olingan.

Shundan:

  • Muddatidan ilgari shartli ozod qilingan — 22 443 nafar;
  • Ahloq tuzatish ishlari — 17 825 nafar;
  • Ozodlikni cheklash — 12 600 nafar;
  • Muayyan huquqdan mahrum qilingan — 5 797 nafar;
  • Shartli hukm qilingan — 1639 nafar;
  • Majburiy jamoat ishlari — 130 nafar.

Nazorat ostidagi shaxslarning 55 325 nafarini (91,5%) erkaklar, 5109 nafarini (8,5%) ayollar, 17 874 nafari (28%) yoshlar, 338 nafarini (0,5%) voyaga yetmaganlar tashkil qiladi.

Probatsiya nazoratidagi shaxslarning 37 518 nafari bir marotaba, 15 795 nafari ikki marta, 7 121 nafari esa 3 va undan ortiq sudlanganlardan iborat.

Ma’lumot o‘rnida, 2001 yilda 5697 nafar axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan va nazorat ostidagi shaxsni 442 nafar inspektor nazorat qilgan. Bir nafar xodim 13 nafar nazoratdagi shaxs bilan ish olib borgan.

2021 yilga kelib 59 843 nafar nazorat ostidagi shaxs 561 nafar inspektorlar tomonidan nazorat qilingan. Bir nafar xodimga o‘rtacha 108 nafar shaxs to‘g‘ri kelmoqda.

Tadbirda probatsiya xizmatining asosiy vazifasi jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan shaxsni tarbiyalash, uni jamiyatga, ijtimoiy hayotga moslashtirishdan iborat ekanligi qayd etilgan.

«Probatsiya bo‘linmalari nazorati ostida turgan shaxslar orasida tadbirkorlik yoki muayyan foydali mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarga huquqiy va boshqa masalalarda maslahatlar berilib, ularga iste’mol kreditlari ajratilishida har tomonlama ko‘mak berilmoqda», — deyiladi ombudsman matbuot xizmati xabarida.