Finlyandiya, Daniya va Shvetsiyada 30 yoshgacha bo‘lgan erkaklarni Moderna bilan emlash to‘xtatildi

Finlyandiya 30 yoshgacha bo‘lgan erkaklarni koronavirusga qarshi emlashda Moderna preparatini qo‘llashni to‘xtatishga qaror qildi. Bu xaqda Yle mamlakat sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish instituti direktori Mika Salminenga tayanib xabar bermoqda. Endi ular Pfizer bilan emlanadi. Moderna vaksinasining birinchi dozasini olganlar ham Pfizer’ning ikkinchi dozasini olishadi.

Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya va Daniyada o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, o‘g‘il bolalar va yosh yigitlarda Moderna Spikevaxdan foydalanish yurak mushagining yallig‘lanishi bo‘lgan miokardit rivojlanish ehtimolini biroz oshiradi, deb ta’kidlamoqda Salminen. Uning so‘zlariga ko‘ra, aksariyat hollarda miokardit bir necha kun davom etadi va belgilarsiz kechadi. Biroq, shunga qaramay, ehtiyot chorasi sifatida, rasmiylar bu guruhni Moderna bilan emlashni to‘xtatishga qaror qilishdi, deb aytadi u.

Daniya rasmiylari xavfsizlik nuqtai nazaridan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarni COVID-19'ga qarshi Moderna vaksinasi bilan emlashni to‘xtatdilar, deb yozadi The Local. Daniya SSV bu qaror «ehtiyot chorasi sifatida» qabul qilinganini aytdi. Associated Press’ning xabariga ko‘ra, Shvetsiya hukumati 30 yoshgacha bo‘lgan aholini preparatning yon ta’siri xavfi ortishi sababli undan foydalanishni vaqtincha to‘xtatdi.

Moderna Spikevax vaksinasining yon ta’sirlariga miokardit va perikardit holatlari rasman kiritilgan.


Latviyaning sog‘liqni saqlash tizimida favqulodda holat e’lon qilindi

Davlat operativ tibbiy komissiyasi Latviyaning sog‘liqni saqlash tizimida favqulodda holat e’lon qilishga qaror qildi. Bu haqda Interfaks respublika sog‘liqni saqlash vaziri Daniel Pavlyutsga tayanib xabar bermoqda. Endi kasalxonalar COVID-19 bilan kasallanganlarga ham, boshqa og‘ir kasallarga ham yordam berish uchun o‘z resurslaridan erkin foydalanish huquqiga ega.

Pavlyutsning ta’kidlashicha, hozirgi vaziyatda tez yordam mashinalari yetishmovchiligi kuzatilmayapti, lekin muammo shundaki, ular kasalxonalarning qabul bo‘limlari yonida navbatda turishib, boshqa o‘tkir holatlarda murojaatlarni qabul qila olmayapti. COVID-19 bilan kasallanishning ko‘payishi munosabati bilan Latviya bemorlarni davolash va dala kasalxonasini joylashtirish uchun xalqaro yordam so‘rashi mumkin, dedi vazir.


Pokistonda zilzila oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi

Pokistonning Balujiston viloyatida yuz bergan 5,8 magnitudali zilzila oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, 200 dan ortiq odam jarohatlandi. Zilzila markazi 10 km chuqurlikda, Kvetta shahridan taxminan 100 km uzoqlikda qayd etilgan. 100 dan ortiq uylar qulab tushgan, aksariyat binolar, jumladan hukumat binolari zarar ko‘rdi. — Interfaks.

Bundan tashqari:

Yakshanba kuni Ummon va Eronga bostirib kelgan «Shohin» siklonining qurbonlari soni 14 kishiga yetdi. Ummonda, ma’lum qilinishicha, 12 kishi halok bo‘lgan. Eronda rasmiylar ilgari yo‘qolgan beshta baliqchidan ikkitasining jasadini topganliklarini aytishdi. Ikkala mamlakatda ham bir necha kishi bedarak yo‘qolgan hisoblanadi. — Associated Press.


Afg‘onistonda to‘ylarda jonli ijrodagi musiqa taqiqlandi

Mamlakatda «Tolibon» tomonidan to‘y o‘tkazish qoidalari belgilandi, ulardan biri bayram paytida jonli ijrodagi musiqaning taqiqlanashidir. Tegishli qaror yaqinda tuzilgan islomiy da’vat, yo‘nalish, ezgulik amri va nomunosiblikni taqiqlash vazirligining maxsus yig‘ilishida qabul qilindi. Bundan tashqari, harakat nikoh marosimini bayramona dasturxondan oldin o‘tkazishni taqiqladi, tadbir davomida erkaklar va ayollar alohida xonalarda bo‘lishlari kerak bo‘ladi. — TASS (Afghanistan International).

Shuningdek:

  • Afg‘onistonning Xost viloyatidagi masjidda sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida bir kishi halok bo‘ldi, 14 kishi yaralandi.
  • Afg‘onistonning energetika kompaniyasi elektr energiyasi haqini to‘lamagan sobiq hukumat amaldorlarining mol-mulkini sotuvga qo‘ymoqchi. Mamlakat aholisi kompaniyaning bu qarorini qo‘llab-quvvatlayotganligi aytilmoqda. Ma’lumotga ko‘ra, kompaniyaga to‘lanishi kerak bo‘lgan elektr energiyasidan qarzlarning umumiy miqdori 5,5 mln dollardan ortiq.

JSST bezgakka qarshi dunyodagi birinchi vaksinadan foydalanishni boshlashni tavsiya qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bezgakka qarshi dunyodagi birinchi vaksina — RTS,S'dan foydalanishni ma’qulladi. Bu, mutaxassislarning fikricha, har yili Afrikadagi o‘n minglab bolalarni qutqarib qolishi mumkin.

«Faoliyatim boshida men bezgak kasalligi bo‘yicha tadqiqotlar bilan shug‘ullanardim va bu qadimiy va dahshatli kasallikka qarshi samarali vaksina paydo bo‘ladigan kunni intizorlik bilan kutardim. Va bugun o‘sha kun keldi, bu tarixiy kundir. Bugun JSST bezgakka qarshi dunyodagi birinchi vaksinani keng qo‘llashni tavsiya qiladi», — dedi JSST rahbari Tedros Gebreyesus. «Ushbu vaksinani bezgakka qarshi profilaktika vositalarigaga qo‘shimcha sifatida ishlatish har yili o‘n minglab yoshlarning hayotini saqlab qolishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi u.

JSST rahbari vaksina «xavfsiz» ekanligini ta’kidladi. Biroq taxminan to‘rt yil davom etgan klinik sinovlarga ko‘ra, vaksinaning samaradorligi cheklangan: sinov paytida, Afrikadagi bolalar orasida preparat bezgak infeksiyasining 39 foiz holatlarini va og‘ir shakllarining 29 foizining oldini olgan. — The Guardian.


Shuningdek:

  • Tanzaniyalik yozuvchi Abdulrazoq Gurna adabiyot yo‘nalishida 2021 yilgi Nobel mukofotining sohibi bo‘ldi. U «kolonializm oqibatlari va qochqinlar taqdiriga murosasiz va rahmdillik bilan kirishgani» uchun taqdirlangan.
  • Eron 2025 yilga borib kosmosga odamni yuborishni rejalashtirmoqda. Mamlakat kosmik instituti rahbari Fathulloh Omining ta’kidlashicha, bu mamlakat «imijini» oshiradi. U, shuningdek, so‘nggi yillarda Eron beshta kosmik yo‘ldoshni uchirganini esladi. Omining aytishicha, kosmosga sayohat qilish uchun dastlabki ro‘yxatdan o‘tganlar va hozirda kerakli tayyorgarlikdan o‘tayotganlar orasida uchuvchilik tajribasiga ega bo‘lgan ayollar ham bor.
  • Kanadada federal amaldorlar, politsiya va harbiy xizmatchilar, temir yo‘l va havo transportida sayohat qiluvchilarga COVID-19'ga qarshi majburiy emlash joriy qilindi. Ular keyingi ikki oy ichida vaksinatsiyadan o‘tishlari kerak.
  • Peru prezidenti Pedro Kastilo chorshanba kuni Gido Belido hukumatini iste’foga chiqardi. Kastiloning aytishicha, bu qaror «boshqaruvni oshirish» manfaati va «hokimiyat o‘rtasidagi muvozanatni» saqlash maqsadida qabul qilingan. Shuningdek, u mamlakat siyosiy kuchlarini davlat manfaatlari uchun mafkuraviy tafovutlardan voz kechishga chaqirdi. Shu bilan birga, o‘sha kuni respublikaning yangi hukumati tasdiqlanib, qasamyodga qiltirildi.