«Pandora Papers» deb nom olgan jurnalistik surishtiruv doirasida dunyoning 600 dan ortiq jurnalistlari mashhur siyosatchilar, boy kishilar va taniqli shaxslarning yashirin boyligi va soliqdan qochish holatlarini aniqlashdi. Ular 11,9 mln hujjatlarni tahlil qilib chiqishgan, deya xabar bermoqda BBC.

Vashingtondagi (AQSh) Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi (ICIJ) tomonidan ushbu ma’lumotlar olingan bo‘lib, tashkilot 140 dan ortiq OAV bilan ushbu global surishtiruvda ish olib borgan.

«Pandora Papers» doirasida 6,4 mln hujjatlar, qariyb 3 mln suratlar, 1 mlndan ortiq elektron pochta xatlari va qariyb 500 ming jadvallar o‘rganilgan. O‘rganilgan hujjatlar Panama, Dubay, Monako, Shveysariya va Kayman orollari kabi «soliq jannatlari»da tuzilgan ofshor tuzilmalar va trastlar bo‘yicha bo‘lgan.

Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujjatlarda 35 nafar amaldagi yoki sobiq davlat va hukumat rahbarlari, yuzdan ortiq milliarderlar va boshqa nufuzli shaxslarning ismlari keltirilgan.

Ro‘yxatdagi O‘zbekiston bilan aloqador shaxslar

Pandora Papers ro‘yxatidagi ayrim shaxslar O‘zbekiston bilan aloqador. Ular orasida telekommunikatsiya sohasidagi konsultant Muhammad Amersi ham bor.

2007−2013 yillarda u Shvetsiyaning Telia kompaniyasining O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi faoliyatiga hamrohlik qilgan. Ushbu ishi uchun Amersi 65 mln AQSh dollari pul ishlagan.

Guardian yozishicha, 2009−2010 yillarda u shved kompaniyasining O‘zbekiston bilan 220 mln dollarlik «qiyin tranzaksiya"si bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan. Keyinroq ushbu mablag‘ pora ekanligi aniqlangan.

ICIJ tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, keyinroq AQSh tomonidan korrupsion sxemada ishtirok etganlikda ayblangan Bekzod Ahmedov Amersi bilan Telia tomonidan Ucell kompaniyasining 20% aksiyalarini Gulnora Karimovaga aloqador ofshor kompaniyadan sotib olishni muhokama qilgan. Buning evaziga Telia kompaniyasiga O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun ruxsat olib berishda ko‘mak ko‘rsatilishi va’da qilingan. Ko‘mak uchun Amersi o‘zining ofshor firmasi orqali 500 ming dollar pul olgan.

Telia kompaniyasining qonuniylik va etika bo‘yicha sobiq bosh menejeri Mixaela Albergning ta’kidlashicha, kompaniya Amersini mintaqadagi boshqa mamlakatlarda, ayniqsa Qozog‘istonda nomuvofiq faoliyat olib borganlikda gumon qilgan.

Guardian nashrining ta’kidlashicha, Muhammad Amersi amaldagi Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning saylovoldi kampaniyasiga mablag‘ xayriya qilgan.

Shuningdek, arxivlarda aytilishicha, O‘zbekistondagi ayrim biznesmenlar Irlandiya va Buyuk Britaniyada ro‘yxatga olingan firmalardan ofshor sifatida foydalanib, ular orqali o‘z operatsiyalarini o‘tkazishadi.

Spot nashrining yozishicha, Irlandiyadagi ofshor firmalar Edinburgdagi Trontex LP va Gratum Trading LP kompaniyalarining egalari sifatida ko‘rsatilgan. Aynan ushbu kompaniyalar Sirdaryo paxtachilik-to‘qimachilik klasterini yurituvchi Bek Cluster qo‘shma korxonasining xorijiy hamkorlari sifatida ko‘rsatilgan edi.

Oldinroq, «Gazeta.uz» yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston korxonalari tomonidan ofshor hududlarga to‘lovlarni amalga oshirgan holda 103 mln dollarlik mahsulot import qilinganligi haqida xabar bergan edi.

Ro‘yxatda yana kimlar bor?

Turli mamlakatlarning taniqli siyosatchilari ham ofshor operatsiyalarni amalga oshirganlikda gumon qilinmoqda.


Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning oilasi Men orolida ro‘yxatga olingan Trident Trust orqali 191 mln dollar qiymatga ega obyektlarga egalik qiladi. 2015 yilgacha ularning aktivlari qiymati 700 mln dollarga yetgan. Aliyevning o‘g‘li Geydar 11 yoshligida Britaniya Virgin orollarida ro‘yxatga olingan kompaniyada ulushga ega bo‘lgan, ushbu kompaniya Londondagi eng nufuzli hududlardan birida 49 mln dollarlik ko‘chmas mulkni xarid qilgan. Aliyevning boshqa farzandlari ham Londonda elitar ko‘chmas mulklarga egalik qilganligi aytiladi.

Pandora hujjatlarida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘zi tilga olinmasa-da, uning bolalikdagi yaqin do‘sti Pyotr Kolbin, rossiyalik milliarder Gennadiy Timchenko, «Pervыy» kanalining rahbari Konstantin Ernst kabilarning ofshor operatsiyalari haqida ma’lumotlar keltiriladi.

Iordaniya qiroli Abdulla II Buyuk Britaniya va AQSh davlatlarida 100 mln dollarlik ko‘chmas mulklarga egalik qiladi.

Pandora ro‘yxatlarida Chexiya bosh vaziri Andrey Babish ham keltiriladi — u ofshorlar orqali Fransiyada Kann yaqinidagi qishloqda 22 mln dollar qiymatga ega qasrni sotib olgan. Babish hukumat tepasiga korrupsiyaga qarshi kurashni o‘z ichiga olgan dastur bilan kelgan edi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham ushbu ro‘yxatga tushgan. U o‘z bizneslarining aktivlarini hamkori va amaldagi yordamchisi Sergey Shefirga o‘tkazgan. Bunda Shefir Zelenskiyning xotini Yelenaning firmasiga dividendlarni to‘lashi kerak bo‘lgan.

Keniya prezidenti Uxuru Kenyata va uning qarindoshlari 500 mln dollarlik aktivga ega bo‘lgan ofshorlar, shuningdek, London markazidagi uy va qator kompaniyalarning aksiyalariga egalik qilishadi.

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler va uning rafiqasi Sheri Bler Virgin orollarida ro‘yxatga olingan ofshor kompaniya orqali Londondagi binoni 6,5 mln funtga sotib olishgan va soliqlardan 312 ming funt tejab qolishgan. Ushbu xarid noqonuniy bo‘lmasa-da, u Bitaniya qonunchiligidagi «lazeyka"larga ishora qiladi. Ya’ni, qimmat ko‘chmas mulk egalari Britaniyada soliq to‘lashdan qochish ehtimollari mavjud.

Bundan tashqari, hujjatlarga ko‘ra AQShning Janubiy Dakota shtati ilgari jiddiy moliyaviy jinoyatlarda ayblangan shaxslarga aloqador milliardlab dollarga teng boyliklarni saqlamoqda.

Xalqaro jurnalistlar tomonidan e’lon qilingan hujjatlarda shou-biznes va sport yulduzlari ham ofshorlardan foydalanganligi aytilgan. Ular orasida musiqachi Ringo Starr, qo‘shiqchilar Elton Jon, Xulio Iglesias va Shakira, «Real Madrid» futbol klubi murabbiy Karlo Anchelotti va boshqalar mavjud.

Masalan, «Manchester Siti» murabbiyi Xosep Gvardiola «Barselona»dagi faoliyati davomida 2012 yilgacha o‘z maoshini Andorradagi bankka o‘tkazib kelgan. Bundan maqsad Ispaniyada soliq to‘lashdan qochish bo‘lgan.