Buxoro viloyati hokimining farmoyishiga binoan, 5 ta tuman hokimiga «hayfsan» berildi, 2 ta tuman hokimi esa ish haqining 20 foiz miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi, yana bir hokim qattiq ogohlantirildi. Boshqa bir tuman hokimiga fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning holatini chuqur tahlil qilish topshirildi.

Farmoyishda ta’kidlanishicha, viloyat, tuman va shaharlar hokimliklarida «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonuni talablariga rioya etilmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilganligi qayd etilgan.

Jumladan ma’lumotnomada:

  • mas’ul xodimlarning qonunchilik hujjatlari talablaridan yetarli darajada xabardor emasligi;
  • hokimliklarda murojaatlar bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilinmasligi va noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim qilish holatlarining mavjudligi;
  • fuqarolar hokimlar qabuliga kira olmay, ularning qabulini tashkil qilib berishni so‘rab davlat rahbariga murojaat qilayotganligi, bunday so‘rovlarning ham aksariyat hollarda e’tiborsiz qoldirilayotganligi;
  • murojaatlar viloyat hokimligi tomonidan ko‘rib chiqish uchun ustidan shikoyat qilingan mansabdor shaxsga yuborilayotganligi;
  • murojaatlar bilan ishlashga va muammolarni hal etishga bunday yondashuv aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganligi holatlari o‘z aksini topgan.

Shuningdek, 17 sentabr kuni viloyat hokimining Buxoro shahrida o‘tkazgan sayyor qabulida tuman va shaharlar hokimlari, sektorlar rahbarlari tomonidan fuqarolar murojaatlariga e’tiborsizlik bilan qarayotganliklari yana bir bor o‘z tasdig‘ini topganligi aytiladi.

Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga e’tiborsizlik bilan qaraganligi uchun Qorovulbozor tumani hokimi Akmal Ostonov, Vobkent tumani hokimi Farhod Umarov, Kogon tumani hokimi Muhiddin Esanov, Peshku tumani hokimi Vahob Qahhorov, Buxoro tumani hokimi Xayrullo Jo‘rayevlarga «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi.

Jondor tumani hokimi San’atillo Hikmatov va Shofirkon tumani hokimi Shukrulla Hakimovga oylik ish haqining 20 foizi miqdorida jarima solindi.

Buxoro shahri hokimi Jamol Nosirov qattiq ogohlantirildi.

G‘ijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurovga tumanda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning holatini chuqur tahlil qilish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish topshirildi.