O‘zbekistonda iste’molchilarga gaz yetkazib berish bundan buyon ogohlantirishsiz to‘xtatilmaydi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Hududgazta’minot» AJ boshqarma boshlig‘i Bahodir Vahobov aytib o‘tdi.

«Gaz tizimida prezident farmoni asosida elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatyapmiz. Hozirgi kunda 2 mlnga yaqin bo‘lib qoldi. Mana shu 2 mln ga yaqin har bir xonadonning uyali aloqa vositalarini ba’zaga kiritganmiz. Agarda iste’molchi qarzdorlik holatiga kiradigan bo‘lsa, unga, albatta, SMS tarzda xabarnoma yuboriladi», — deydi u.

Ta’kidlanishicha, xabarnomada iste’molchi ogohlantiriladi va unga 5 kun muddat beriladi.

«Shu muddat ichida iste’molchi to‘lovlarni amalga oshirmasa, avtomat tarzda yopib qo‘yiladi. Ya’ni iste’molchi gaz tarmog‘idan inson omilisiz o‘chadi. U qachonki to‘lovni amalga oshirganida, maxsus 4 raqamli kodi keladi, gaz hisoblagichdagi ko‘k tugmani bosganda, avtomatik tarzda yana ishga tushib ketadi», — deya qo‘shimcha qiladi Bahodir Vahobov.

«Elektron gaz hisoblagich o‘rnatmagan xonadonlarda esa bu sal boshqacharoq, ya’ni iste’molchi yo pochta orqali yoki alohida SMS xabar yuboriladi. Biz u iste’molchilarning ham telefon raqamlarini ba’zaga kiritganmiz», — deydi u.

Bahodir Vahobov avvallari gazni ogohlantirishlarsiz uzib qo‘yish holatlari tez-tez kuzatilganini eslatib o‘tdi.

«Lekin hozirgi kunda ogohlantirishsiz o‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Sababi, bitta ham bunday holat bo‘lmagan. Faqat favqulodda holat bo‘lsa, joylardagi mahalliy hokimlik, qo‘mitalarni, albatta, ogohlantiramiz», — dedi «Hududgazta’minot» AJ boshqarma boshlig‘i.