O‘zbekistonning amaldagi prezidenti, O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida Afg‘onistodagi vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda “Nigoh” Telegram-kanali xabar berdi.

“Ko‘pchilik demokratiyani turlicha talqin qiladi. Men uchun demokratiya xalqimiz tinchligi, farovonligi, teng huquqliligi”, — dedi prezident.

“Albatta, demokratiyani har bir davlat o‘zicha tushunadi. Mana, Afg‘onistondagi holat hammamizga saboq bo‘lishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, Afg‘onistondagi vaziyat har kuni diqqat markazda. “Chegaraga daxl qilishga hech kimga yo‘l qo‘ymaymiz. Chunki O‘zbekistonda qonun ustuvor, jazo muqarrar”, — deydi davlat rahbari.

Avvalroq, prezident kecha davlat chegarasini buzib o‘tishga urinish bo‘lganligini ma’lum qilgan edi. “Kechagi vaziyatda ham o‘z vazifasini sharaf bilan bajargan bir askarimiz qahramonlarcha halok bo‘ldi. U shu yurt farzandi — namanganlik edi”, — dedi prezident.