O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP) deputati Ra’no Turdiboyeva Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili bo‘ldi.

Markaziy saylov komissiyasi ishonchli vakillarni 15 sentabrda ro‘yxatga oldi. Saylov kodeksining 43-moddasiga muvofiq O‘zbekiston prezidentligiga nomzod o‘n besh nafarga qadar ishonchli vakilga ega bo‘lishga haqli. Nomzodning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi, Markaziy saylov komissiyasi ularga tegishli guvohnomalar beradi. Ishonchli vakil saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev ham bunga e’tibor qaratdi. U qonunchilikda bir partiya a’zosining boshqa partiyadan prezidentlikka nomzodga ishonchli vakil bo‘lishi uchun taqiq qo‘yilmaganligini qayd etdi.

Rasul Kusherbayev Ra’no Turdiboyevani deputatlik saylovlarida o‘zi bilan bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod bo‘lganini esladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ra’no Turdiboyeva XDPga a’zo bo‘lmasa-da, nomzod etib ko‘rsatilgan. XDP axborot xizmatining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, Ra’no Turdiboyeva 3 oy avval partiya a’zoligidan chiqqan.

Ma’lumot uchun, Ra’no Turdiboyeva 31-Qibray (Baytqo‘rg‘on) saylov okrugidan Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashiga deputat etib saylangan.