Afg‘onistonda transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bu mamlakatda to‘laqonli va barqaror faoliyat yuritadigan hukumatning irodasi va tayyorligiga bog‘liq, deyiladi «Valday» klubining 20 sentabrda e’lon qilingan yangi hisobotida.

Dushanba kuni Toshkentda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda «Valday» xalqaro munozara klubining «Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari» konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjuman doirasida klubning «Yevrosiyoning temir karkasi: kontinental aloqalar yutuqlari, muammolari va istiqbollari» yangi hisoboti taqdim etildi.

«Bugun Afg‘oniston hududidan o‘tadigan har qanday transport-infratuzilma loyihalari uzoq muddatli strategik istiqbolga ega. Bu istiqbollarning realligi va maqsadga muvofiqligi, turli mintaqaviy va Yevroosiyo o‘yinchilarining turli ambitsiyalari va manfaatlariga qaramay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelajakda to‘laqonli ishlaydigan Afg‘oniston hukumatining siyosiy irodasi va tayyorligigagina bog‘liqdir», — deyiladi hisobotda.

Hisobot mualliflarining baho berishicha, Kobul yo‘lagi deb ataladigan — «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘li loyihasi ishga tushgan dastlabki yillardanoq yuk tashish hajmini yiliga 10 mln tonnaga yetkazish imkonini beradi. «Bu kutish Afg‘onistondagi vaziyatning barqarorlashishi va uning rasmiylari hamkorlikka tayyor bo‘lgan taqdirda, Mozori Sharif mintaqaning to‘liq transport markaziga aylanishi mumkinligi bilan bog‘liq edi», — deyiladi xabarda.

«Biroq bugungi kunda 2021 yil avgust oyida Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy vaziyatning o‘zgarishi mazkur tashabbusning kelajagiga qanday ta’sir qilishi hamda oxir-oqibat uni amalga oshirishda qaysi davlatlar va xalqaro rivojlanish institutlarining ishtirok etishi to‘liq aniq emas», — deb yozadi mualliflar.

Shu bilan birga, hisobotda Markaziy Yevrosiyoning «kontinental tavqi la’nat», ya’ni kontinental quruqlikning katta qismlari va yirik dengiz yo‘llaridan uzoqligi, buning natijasida logistika narxining oshishi afsona ekanligi qayd etilgan.

«Bir necha yuz yillar mobaynida shakllangan kanon (qonun-qoidalar) quruqlik o‘rtasidagi davlatlarga ularning nomukammalligi hamda dengiz savdosi yo‘llari yoqasidagi mamlakatlarga qaramligi haqidagi g‘oyani singdirib keladi. Dengiz savdo yo‘llariga chiqishga ko‘p hollarda panatseya (har dardga shifo afsonaviy malham — tahr.) va xalqaro iqtisodiy aloqalarni jalb qilish, shu bilan foyda olish kafolati sifatida qaraladi», — deyiladi hisobotda.

«Ammo, aslida, xalqaro iqtisodiy hayotda qatnashish yoki qatnashmaslik sharti dengizga chiqish imkoniyati bilan bog‘liq emas. Dengiz savdo yo‘llari hamma uchun ham erkin emas va ko‘p hollarda xavfli. Ular foydalanuvchilarni dengiz hududini nazorat qilish uchun harbiy imkoniyatlarga ega kuchlarga qaram qilib qo‘yishadi», — deydi ekspertlar.

«Quruqlikdagi savdo yo‘llarining rivojlanishi bir-biriga qo‘shni bo‘lgan va shuning uchun kelishishga ko‘proq asoslarga ega bo‘lgan mamlakatlar masalasidir. Buning asosiy sharti — qo‘shnilar bilan hamkorlikka tayanib, o‘z iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga harakat qiladigan hukumatlarning obyektiv iqtisodiy imkoniyatlari, siyosiy sharoitlari va irodasidir», — deya ma’lum qildi hisobot mualliflari.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida Toshkentda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston mazkur Transafg‘on yo‘lini qurish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagan edi. Loyihani may oyida tayyorlash, yo‘l qurilishini esa sentabr oyida boshlash rejalashtirilgan edi. Loyiha ishtirokchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, tranzit salohiyati 20 mln tonnagacha bo‘lgan yangi transport yo‘lagi Yevropa Ittifoqi, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va keyinchalik Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘lashi kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» yo‘lining ahamiyati haqida gapirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, haligacha O‘zbekiston mahsulotlarini Rossiya va Qozog‘iston orqali eksport qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Afg‘oniston orqali temir qurilishi boshlanishi bilan O‘zbekiston o‘zining eksport bozorlarini diversifikatsiya qilishi, qo‘shni davlatlar esa o‘zbek mahsulotlariga tranzit tariflarini pasaytirishi kutilmoqda.

«Temir yo‘lning tinchligi, xavfsizligini kim ta’minlab beradi? Faqat pokistonliklar. U yerda 200 mln aholi bor, agar ushbu bozorga chiqa olsak, dengiz portlari orqali boshqa katta bozorlarga ham chiqamiz», — degan edi u.