21 sentabr kuni Buyuk Britaniya harbiy delegatsiyasi tashrif buyurdi. Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qurolli kuchlari vaziri Jeyms Xippi bir qancha vazirlik, idoralarda uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali reportajida ma’lum qilindi.

Jeyms Xippi Afg‘onistonning yangi hukumati bilan bog‘liq vaziyatga O‘zbekiston qanday nuqtai-nazar bilan qarashi Britaniya tomoniga juda muhimligini ta’kidladi.

«Afg‘onistondagi vaziyat tez suratlarda rivojlanib bormoqda. Tashrifim maqsadi ham shu masalaga oydinlik kiritishdir. Chunki siz qo‘shni O‘zbekiston vaziyatni bizdan yaxshi bilasiz. Vazirlik darajasidagi uchrashuvlarda biz Afg‘oniston tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan xavf-hatarga O‘zbekistonning pozitsiyasini o‘rganmoqdamiz», — dedi u.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2021−2022 yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi imzolandi.

Britaniya qurolli kuchlari vaziri so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv Buyuk Britaniya va O‘zbekiston qo‘shinlari birgalikda mashg‘ulotlarni o‘tkazishlari uchun mustahkam asos yaratadi. Shuningdek, O‘zbekiston qurolli kuchlari Birlashgan Qirollik harbiy bazalarida malaka oshirishi yoki u yerda o‘tkaziladigan harbiy o‘yinlarda ishtirok etishlari mumkin.

«O‘z navbatida Britaniya tomoni uchun ham bu katta imkoniyat. Negaki, biz ham sizlardan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p», — deydi Jeyms Xippi.