Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 1 million dona uzum ko‘chatini yetkazib berish bo‘yicha tenderi natijalari atrofidagi holatni o‘rganish yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan komissiya tuzildi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

«Vaziyat o‘rnatilgan tartibda qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra tegishli qarorlar qabul qilinadi va e’lon etiladi», — deyiladi xabarda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati ham vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» avvalroq in vitro usulida yetishtirilgan 1 mln dona uzum ko‘chatini yetizib berish bo‘yicha 9,95 mlrd so‘mlik tenderda De Nova Agro kompaniyasi g‘olib bo‘lgani haqida yozgan edi. Uning ta’sischisi sifatida Bekjon Turdiyev — qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (loyiha buyurtmachisi) rahbari, professor, biologiya fanlari doktori Alisher To‘rayevning o‘g‘li ekani ko‘rsatilgan.