Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqardaryo viloyatida IIB xodimlari va fuqarolar o‘rtasida janjal sodir bo‘lgani aks etgan videolavhalar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyati IIB axborot xizmati izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 16 sentabr kuni Koson tumani Boyterak qishlog‘ida yashovchi fuqaro N.A. va N.A. Qarshi shahar, Neftchilar mahallasida yashovchi tanishi H.F. bilan spirtli ichimlik iste’mol qilishib, mast holatda soat 22:30 larda Qarshi shahrida joylashgan «Yashil bozor» supermarketi yonida bir-birlarini uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, baqirib, yon atrofdagi fuqarolarni tinchligini buzgan.

Qayd etilishicha, viloyat IIB PPX va JTSB patrul-post xizmati xodimlari xizmat taqsimotiga asosan Qarshi shahar «Paxtazor-1» mahallasi hududi bo‘ylab xizmatga biriktirilgan IIB PPX va JTSB PPXB xodimlari B.Rasulov, F.Ro‘ziqulov va D.Nurmatovlar ularning yoniga qelgan. Ular fuqarolar o‘rtalarida kelib chiqqan janjalni to‘xtatib, jamoat tartibini saqlash va ularning shaxsiga oydinlik kiritish maqsadida Qarshi shahar IIO FMB binosiga borishni taklif qilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, fuqarolar IIB xodimlarini turli uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan bo‘yin qismidan bo‘g‘ib, yerga yiqitgan. Shuningdek, ularga turli darajada tan jarohati yetkazib, o‘zini xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.

Mazkur holat yuzasidan JKning 219-moddasi 2-qismi (Qarshilik ko‘rsatish, ya’ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish qanday shaklda bo‘lmasin o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish) va 277-moddasi 3-qismi «g» bandi ((Bezorilik jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, N. A., N. A. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan hamda himoya huquqi bilan ta’minlanib, JPKning 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.