16 sentabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Qoraqalpog‘istonda 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro tender natijalari e’lon qilindi, deya xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.

Tenderda ishtirok etishga 70ga yaqin xorijiy kompaniya qiziqish bildirgan. Oldindan malakali tanlovda Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Rossiya, Singapur, Chexiya va Fransiyadan 16 ta kompaniya ishtirok etib, ulardan 12 tasi ushbu tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan.

Tenderning yakuniy bosqichida Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dhabi Future Energy company PJSC (Masdar) (BAA) kompaniyasi, ACWA Power (Saudiya Arabistoni) va Voltalia (Fransiya) kompaniyasi o‘zaro raqobatlashgan.


Ishlab chiqariladigan 1 kVt/s elektr energiya uchun 2,5695 AQSh sentiga teng tarifni taklif qilgan ACWA Power (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro tender g‘olibi deb, e’lon qilindi. Ishlab chiqariladigan 1 kVt/s elektr energiya uchun 2,6550 AQSh sentiga teng tarifi bilan Masdar (BAA) kompaniyasi ushbu tenderning zaxira g‘olibi deb, e’lon qilindi.

“Investitsiyaviy majburiyatlarga muvofiq, shamol elektr stansiyasi 2023 yilning o‘rtalariga kelib ishga tushiriladi. Elektr stansiyasining ishga tushirilishi yiliga 400 million kVt/s ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta’minlaydi”, — deyiladi xabarda.

ShES Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorauzoq va Beruniy tumanlari hududida joylashadi. Loyihalarni amalga oshirishga jalb etiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 140 mln dollarga baholanmoqda.

Loyiha O‘zbekiston Hukumatining muqobil elektr energiya manbalarini joriy etish orqali mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilishga qaratilgan dasturining bir qismidir. Uning amalga oshirilishi mamlakatning umumiy energiya balansida qayta tiklanadigan manbalardan hosil bo‘ladigan elektr energiyasi ulushini 25 foizga yetkazish maqsadiga erishishga xizmat qiladi hamda 110 mingga yaqin xonadonga elektr energiyasi yetkazib berish, atmosferaga chiqariladigan uglerod chiqindilarini yiliga 157 ming tonnaga kamaytirish va qurilish davrida mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratishga imkon beradi.

2020 yil mart oyida O‘zbekiston Energetika vazirligi va ACWA Power kompaniyasi umumiy qiymati 1,2 mlrd dollarga teng bo‘lgan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha 25 yillik shartnoma imzoladi. Elektr quvvati 1500 MVt bo‘lgan gaz turbinali elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqariladi. U Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quriladi.

Energiya vazirligi ACWA Power bilan yana ikkita hujjatni imzoladi. Ulardan biri 0,55−1,1 mlrd dollarga 500−1000 MVt quvvatga ega shamol stansiyasi qurilishi to‘g‘risida. Avval xabar qilinganidek, Navoiy viloyatida shamol stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Hozir potensial qurilish maydoni aniqlanmoqda va elektr stansiyasini 2022 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.