Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi emlanganlar to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni taqdim qildi. Ma’lumotlar 7 sentabr kuni «COVID-19. Vaksinatsiya: erishilgan yutuqlar, istiqboldagi rejalar va maqsadlar» mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy xalqaro konferensiyada taqdim etildi. Konferensiya Innovatsion rivojlanish vazirligi sahifasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

Nurmat Otabekov o‘z ma’ruzasida SARS-COV-2 koronavirusiga qarshi vaksina olgan odamlarning serologik holatini o‘rganish natijalari, shuningdek, turli vaksinalar bilan emlanganlar immunizatsiyasining qiyosiy tahlilini keltirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar bir vaqtning o‘zida COVID-19ga qarshi emlanmagan va ZF-UZ-VAC 2001, AstraZeneca hamda «Sputnik V» preparatlari bilan emlangan shaxslarni tadqiq qilmoqda.


Nurmat Otabekov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus bilan og‘rigan, kasallikni yengil formada o‘tkazgan — 480 nafar, o‘rtacha formada — 562 nafar va og‘ir formada — 80 nafar bemorning holati tadqiq qilingan.


IgG — inson qoni plazmasi antitanachalarining taxminan 75% qismini tashkil etuvchi antitanachalar sinfi. IgG va IgM — infeksiyaning turli davrlarida infeksiyaga javoban himoya V-hujayralari tomonidan ishlab chiqariladigan turli xil immunoglobulinlar sinflari hisoblanadi. Eng avval, kamida 7-sutkaga kelib ilk IgM antitanachalari ishlab chiqariladi, keyinroq, kamida 2−3 haftadan keyin — IgG. BAU/ml — COVID-19ga qarshi IgG antitanachalarining standart o‘lchovi. BAU — binding antibody units (antitanachalarni bog‘lovchi birliklar). «Gazeta.uz» antitanachalar qanday ishlashi xususida batafsil hikoya qilgan edi.


Neytrallashtiruvchi antitanachalar virusni yuqtirish uchun hujayraning domeni bilan bog‘lanadigan spayk-oqsilni to‘sib qo‘yadi. Receptor-Binding Domain (RBD) atamasi shundan olingan. Antitanachalarga test tizimlari aynan shu oqsilni aniqlaydi. Test natijalariga qarab COVID-19ga qarshi immunitetni ta’minlovchi, muhim neytrallashtiruvchi antitanachalar darajasiga baho berish mumkin bo‘ladi.

1472 nafar tadqiqot qatnashchilari uch guruhga bo‘lingan: vaksina olmaganlar — 414 nafar, birinchi dozani qabul qilganlar — 409 nafar va ikkinchi dozani qabul qilganlar — 649 nafar. Ayollar — 1163 nafar, erkaklar — 309 nafar. Tadqiq qilinganlarning 88% qismi 19 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lganlar.


Mutaxassislar aniqlashdiki, 1 apreldan beri jami kasallanganlar orasida 285 ta yoki 0,3% holat kamida bitta doza vaksina qabul qilganlar hissasiga to‘g‘ri keladi:

  • ZF-UZ-VAC 2001 — 158;
  • AstraZeneca — 10;
  • «Sputnik V» — 106;
  • Moderna — 11.

Nurmat Otabekovning ta’kidlashicha, vaksina qabul qilganidan keyin koronavirus bilan kasallanganlarda kasallik asosan o‘rtacha formada kechmoqda. Kam hollardagina koronavirusning og‘ir (barcha vaksinalar) va o‘ta og‘ir (faqat ZF-UZ-VAC 2001 va «Sputnik V») formalari kuzatilgan.


Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi birinchi va ikkinchi Zangiota ixtisoslashtirilgan shifoxonalarida gospitalizatsiya holatlarini o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, jami kasalxonaga yotqizilganlarning 0,8% qismini vaksina qabul qilgan bemorlar tashkil etgan.

Nurmat Otabekov tadqiqot hali davom etayotganligini, lekin izlanishlar natijalariga muvofiq bir nechta xulosalar qilish mumkinлигини ma’lum qildi:

  • Tekshirilgan bemorlarda, qabul qilingan vaksina turiga bog‘liq ravishda, antitanachalarning yetarli miqdori ishlab chiqarilgan, bundan tashqari, vaksina qabul qilganlarning yarmida antitanachalar miqdori hatto 700 BAU/ml dan yuqori — bu ko‘proq SARS-CoV-2ning yuza oqsili S-RBDga qarshi antitanachalarga tegishli;
  • Vaksinaning ikkinchi dozasini qabul qilish antitanachalar miqdorining sezilarli o‘sishiga olib keldi, har ikki IgG va S-RBD antitanachalarining ham;
  • ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini qabul qilgan shaxslar guruhining natijalari boshqa turdagi vaksinalarni qabul qilgan shaxslarning natijalariga mos keladi;
  • ZF-UZ-VAC2001 aholini COVID-19ga qarshi emlash uchun samarali va ishonchli vaksina hisoblanadi;
  • COVID-19ga qarshi emlash kasallikning osoyishta kechishi va og‘ir holatlar sonining kamayishiga imkon yaratadi.

28 avgustda Innovatsion rivojlanish vazirligi ZF-UZ-VAC2001 xitoy-o‘zbek vaksinasi klinik sinovlarining uchinchi fazasi natijalarini e’lon qilgan edi. Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, preparatning samaradorligi barcha shtammlarga qarshi 81,76%.

Iyul oxirida «Gazeta.uz» O‘zbekiston hukumati 1 noyabrga qadar aholining 70% qismini koronavirusga qarshi emlashni rejalashtirganligi to‘g‘risida xabar bergan edi. 8 sentabr holatiga ko‘ra, mamlakatda qariyb 16 million doza vaksinadan foydalanildi. Birinchi dozani 9,78 million kishi qabul qilgan, ikkinchi dozani — 4,63 million, uchinchi dozani — 1,55 million. 2,71 million kishida vaksinatsiyaning to‘liq kursi o‘tkazib bo‘lindi (18 yoshdan yuqori bo‘lgan aholining taxminan 12,6% qismi).