Iqtisodiyotda narxlarni oshiruvchi omillar va ularning ta’sir darajasi bilan bog‘liq noaniqliklarning saqlanib qolishi sharoitida yil yakuniga qadar inflyatsiya darajasini 10 foizgacha pasaytirish hamda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlab qolish maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Joriy pul-kredit sharoitlari va tashqi vaziyatdagi ijobiy kutilmalar inflyatsiya prognoziga erishish bo‘yicha ishonchni saqlanib qolishiga xizmat qilmoqda.

Iqtisodiy faollik va yalpi talab

O‘tgan 8 oyida mamlakatda iqtisodiy faollikning jadallashishi davom etib, aksariyat tarmoqlarda o‘sish ko‘rsatkichlari pandemiyagacha bo‘lgan darajaga yetdi.

Yanvar-iyul oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,9 foizga o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, 2019 yilning mos davriga nisbatan 6,1 foizlik o‘sish qayd etilgan. O‘z navbatida, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 2020 yilga nisbatan 20,5 foizga va 2019 yilga nisbatan 21,3 foizga oshdi.

Iqtisodiyotning real sektori korxonalari o‘rtasida avgust oyida o‘tkaziladigan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, iqtisodiy faollik indeksi 52,8ni tashkil etib, iyul oyi natijalaridan biroz yuqori shakllandi. Bunda, indeks tarkibida xizmat ko‘rsatish sohasida iqtisodiy faollik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilandi.

Iqtisodiyotda aholi iste’mol faolligining oshib borishi bilan savdo va pullik xizmatlar hajmi ham ortib bormoqda.

Yanvar-avgust oylarida tijorat banklari kassalariga savdo va pullik xizmatlardan tushumlar hajmi 2019 yil va 2020 yillarning mos davriga nisbatan 53 va 39 foizga oshdi.

Shuningdek, amalga oshirilayotgan fiskal rag‘batlantirish va pul-kredit sharoitlarining o‘zgarishsiz saqlanib qolayotganligi yil yakuniga qadar iqtisodiy o‘sish va investitsion faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘ladi. Bunda, umumiy fiskal taqchillikning o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan yuqoriroq kutilayotganligi hamda 1 sentabrdan ijtimoiy nafaqa, pensiya va ish haqilarning oshirilishi iqtisodiyotda iste’mol talabining sezilarli o‘sishiga olib keladi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

Joriy yilning o‘tgan davrida glabal iqtisodiy sharoitlar asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxining sezilarli qimmatlashishi fonida inflyatsion jarayonlarning tezlashishi hamda bunga javoban ko‘pchilik rivojlanayotgan mamlakatlarda pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi kuzatildi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining iyul oyida yangilangan prognozlariga ko‘ra, 2021 yilda jahon iqtisodiyotining real o‘sish prognozi 6,0 foiz darajasida saqlab qolingan bo‘lsa ham, pandemiya va emlash bilan bog‘liq vaziyat hisobiga rivojlangan davlatlar prognozlari ijobiy va rivojlanayotgan davlatlar bo‘yicha biroz salbiy tomonga qayta ko‘rib chiqildi.

Jahon xom-ashyo bozorlarida oltin narxi yil boshidan pasayuvchi dinamikaga ega bo‘lib, 4−5 foizga arzonlashdi. Mis narxi yil boshidan iyun oyiga qadar ma’lum bir tebranuvchanlik bilan o‘suvchi tendensiyani namoyish etgan bo‘lsa, so‘nggi ikki oyda narxlarda pasayish kuzatildi.

Yanvar-iyul oylari davomida eksport hajmi (oltinsiz) 6,7 mlrd dollarga teng bo‘ldi va 2020 yilning mos davriga nisbatan 35 foizga oshdi. O‘z o‘rnida, import hajmi 13,4 mlrd. dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19 foizga o‘sib, 2019 yil darajasigacha yetdi.

Mamlakatga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 8 oyda qariyb 4,9 mlrd dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga (3,6 mlrd. dollar) nisbatan 35 foizga, 2019 yilning mos davriga (3,9 mlrd. dollar) nisbatan esa 26 foizga o‘sdi hamda aholining iste’mol va investitsion faolligini qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ushbu omillar, o‘z navbatida, ichki valyuta bozorida taklif hajmining barqaror bo‘lishi va milliy valyuta kursi shakllanishida muhim rol o‘ynadi. Yilning dastlabki 8 oyi davomida so‘m almashuv kursi 10449−10683 so‘m/AQSh dollari oralig‘ida tebranib, yil boshidan 2 foizga qadrsizlandi.

Asosiy savdo-hamkor davlatlar (Turkiyani hisobga olmaganda) milliy valyutalari almashuv kurslarida ham yil boshidan buyon keskin o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

Avgust oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflyatsiya uch-to‘rt oydan buyon deyarli o‘zgarishsiz qolib 11,1 foiz darajasida — bazaviy prognoz ko‘rsatkichlaridan biroz yuqori shakllanmoqda.

Avgust oyi yakunlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yillik o‘sishi 15,5 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyaga eng asosiy oshiruvchi hissa qo‘shdi. Ta’kidlash joizki, yoz oylarida meva va sabzavotlar narxlari hamda oylik inflyatsiya ko‘rsatkichlarida kutilganidek mavsumiy pasayish sur’atlari kuzatilmadi.

Tarkibiy jihatdan barqaror komponentlardan tashkil topgan nooziq-ovqat va xizmatlar guruhlari narxlarida avgust oyida yillik o‘sish sur’atlari mos ravishda 8,1 va 7,6 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyaning sekinlashishiga xizmat qilmoqda.

Mavsumiy tebranuvchan meva va sabzavotlar, yoqilg‘i mahsulotlari va tartibga solinadigan tovarlar narxlari (tariflari) o‘zgarishini istisno qilish orqali hisoblanadigan bazaviy inflyatsiya darajasi avgust oyida umumiy inflyatsiya darajasidan pasayib, yillik 9,5 foizni tashkil qildi.

Avgust oyida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra kelgusi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalari iyul oyida kuzatilgani kabi 16,1 foizni tashkil etdi. Ayni paytda tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalarida biroz oshish kuzatilib, aprel oyidan boshlab kuzatilgan pasayish dinamikasi o‘sish dinamikasiga o‘zgardi.

Pul-kredit sharoitlari

Joriy yilning II-III choraklarida iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishi ta’sirida bank tizimi umumiy likvidligining sezilarli ortishi kuzatilgan bo‘lib, buning natijasida banklararo pul bozoridagi depozitlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari aprel oyidagi 14,2 foizdan iyul oyida 8,7 foizgacha pasaydi.

Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosati operatsiyalari bo‘yicha amalga oshirilgan qator o‘zgarishlar va tegishli operatsion choralar hisobiga avgust oyida pul bozoridagi o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 13,0 foizga teng bo‘ldi va Markaziy bank foiz koridori doirasida va asosiy stavkadan 1,0 foizlik tafovut bilan shakllandi.

Bunda, foiz koridorining kengaytirilishi sababli pul bozorida banklar faolligining oshishi kuzatilib, avgust oyida jami 8,4 trln so‘mlik yoki iyul oyiga nisbatan 47 foizga ko‘p operatsiyalar amalga oshirildi. Overnayt depozit operatsiyalari hajmining ortishi pul bozoridagi foiz stavkalarining foiz koridori doirasida va asosiy stavkaga yaqin darajada shakllanishiga xizmat qildi.

Depozitlar bo‘yicha ijobiy real foiz stavkalarining shakllanayotganligi yilning o‘tgan 8 oyi davomida milliy valyutadagi jami muddatli depozitlarning 26,5 foizga, shundan, jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlarining 45 foizga o‘sishiga xizmat qildi.

Yuqori iqtisodiy faollik va talab hisobiga kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarida yil boshiga nisbatan biroz o‘sish kuzatildi. Bunda, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari iyul oyida 22,0 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha — 21,2 foizga teng bo‘ldi.

Iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari qoldig‘i yil boshiga nisbatan 11,5 foizga ko‘paydi. Shu jumladan, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 17,5 foizga o‘sib, aholi iste’mol talabini rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.

Yil yakunlari bo‘yicha kredit qo‘yilmalari o‘sishining nominal YAIM hajmi o‘sishiga mutanosib ravishda 18−20 foiz doirasida bo‘lishi kutilmoqda.

Prognoz va xatarlar

Umumiy inflyatsiya darajasi o‘zgarishsiz qolayotgan bo‘lsada, bazaviy inflyatsiyadagi pasayish dinamikasi va amaldagi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari yil so‘ngigacha inflyatsiyani 10 foizlik prognoziga erishishda qo‘llab-quvvatlovchi omillar bo‘ladi.

Bazaviy inflyatsiya darajasining kelgusida yanada barqaror pasayishi, eng avvalo, ichki iste’mol bozorida taklif hajmlarini ko‘paytirish, ishlab chiqarish unumdorligini oshirish va raqobat muhitini yaxshilash borasida ko‘riladigan choralar samaradorligiga bog‘liq bo‘ladi.

Bundan tashqari, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari muvozanatlashgan taqdirda aholi va tadbirkorlik subyektlarining sezilgan inflyatsiya va inflyatsion kutilmalari pasayish dinamikasiga o‘tishi kutilmoqda.

Ichki valyuta bozoridagi vaziyat, so‘mning real samarali almashuv kursi dinamikasi va unga nisbatan fundamental bosimning kutilmayotganligi kelgusi oylarda iste’mol savatidagi import va importga bog‘liq bo‘lgan tovarlar narxlarining nisbatan barqaror shakllanishiga hamda ularning ichki narxlarni barqarorlashtiruvchi rolini oshishiga xizmat qiladi.

Markaziy bank tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlarni sinchkovlik bilan o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rib boradi.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank Boshqaruvining navbatdagi tayanch yig‘ilishi 21 oktabr kuniga belgilangan.