O‘zbekiston Energetika vazirligi mamlakatning uchta hududida umumiy quvvati 500 MVt bo‘ladigan uchta quyosh fotoelektr stansiyasini (QFES) qurish bo‘yicha tender jarayonlarining boshlanganini e’lon qildi. Loyiha Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC, Jahon banki tuzilmasiga kiradi) ko‘magi bilan amalga oshirilmoqda.

Loyihada Namangan (150 MVt), Buxoro (250 MVt) va Xorazm (100 MVt) viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt gacha bo‘lgan uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish nazarda tutilgan.

Tenderda g‘olib bo‘lgan investor quyosh fotoelektr stansiyasini loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, 25 yil davomida ishlatishi va texnik xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda. Buxoro viloyatidagi QFES loyihasi uchun elektr energiyasini saqlash batareyalarini qurish va ishlatish uchun narxlar so‘rovi ham o‘tkaziladi. Arizalar 29 noyabrga qadar qabul qilinadi.

2018 yilning may oyida O‘zbekiston mamlakatda quyosh elektrstansiyalarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishga xususiy investorlarni jalb qilish uchun IFC bilan maslahat xizmatlari uchun 1 mlrd dollarlik shartnoma imzolagan edi.

Ushbu kelishuv doirasida dastlabki loyiha Navoiy shahrida qurilgan 100 MVt quvvatga ega geliostansiya bo‘ldi. Ushbu stansiya avgust oyining oxirida BAAning Masdar kompaniyasi tomonidan ishga tushirildi. Davlat-xususiy sherikligi (DXSH) asosida amalga oshirilayotgan loyihaning qiymati 110 mln dollarga teng, stansiya yiliga 252 million kVt/s energiya ishlab chiqaradi.

Shuningdek, Masdar Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 900 MVt va qiymati 1 mlrd dollar bo‘ladigan geliostansiyalarni qurish bo‘yicha tenderlarda ham g‘olib bo‘lgan edi. Ushbu obyektlar 2023 yil kuziga kelib qurib bitkazilishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2030 yilga kelib quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatini 5 GVtgacha oshirishni maqsad qilgan.