Toshkent shahar istirohat bog‘lariga tunu kun ishlashiga ruxsat berildi. Bu haqda hukumatning «Toshkent shahrida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» qarorida aytilmoqda.

Hujjatga muvofiq, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga shaharda 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritadigan istirohat bog‘larida jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiy talablarni belgilaydi.

Toshkent shahar va tumanlarining asosiy vazifalaridan biri 2023 yilgacha poytaxtning ko‘kalamzorlashtirilishi darajasini 30 foizga yetkazish hisoblanadi. Hozirda, hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 26,4%ni tashkil qiladi.

Hujjat bilan har qanday daraxt ko‘chatlari faqat ular ekilayotgan hududlarning iqlimi va yer maydonining xususiyatlarini o‘rganish asosida tanlab olinishi belgilanmoqda.

Hukumat, shuningdek, poytaxtning kamida 60 gektar maydonida attraksionlardan xoli bo‘lgan jamoat istirohat bog‘ini hamda har bir tumanda kichik yashil istirohat bog‘larini barpo etish vazifasini yukladi.

Toshkent shahrida joylashgan byudjet tashkilotlariga o‘zlarining yo‘l yoqasida joylashgan binolari yashil hududlarini shahar obodonlashtirish talablariga mos ravishda saqlab turish majburiyati yuklatildi.

2022 yil yanvaridan boshlab huquqiy eksperiment yo‘lga qo‘yilmoqda. Uning doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish vazifalari autsorsing asosida tadbirkorlarga beriladi. Birinchi bosqichda yangi tartib poytaxtning Bektemir va Uchtepa tumanlarida sinovdan o‘tkaziladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda poytaxtdagi ko‘p suv talab qiladigan archa va «gazon» ko‘payib ketganini tanqid qilgan edi. Davlat rahbari har bir mahallaga daraxtlarni parvarishlash uchun Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan 1 nafardan ishchi biriktirilishi belgilab berdi.

Bundan tashqari, prezident shu yilning kuzida va kelasi bahorda 125 million tup daraxt ekish, viloyat markazlari va shaharlarida kamida ikkita yashil zona va jamoat bog‘larini yaratish vazifasini qo‘ygan. Viloyat hokimlariga yil yakuniga qadar istirohat bog‘larida aholi uchun «sokin hudud"larni tashkil etish topshirilgan. Bunda, mazkur bog‘larning kamida 60−70 foizi «yashil hudud» bo‘lishi kerak va ushbu hududlarda bino-inshootlar qurilishiga ruxsat berilmaydi.

Shuningdek, qimmatbaho daraxt va buta turlarini kesish bo‘yicha moratoriyni 2024 yilgacha uzaytirish, ekologiya politsiyasini tuzish va ekologiya sohasidagi jarimalarni ko‘paytirish rejalashtirilgan.