Toshkent viloyatida «Yangi Toshkent» loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 31 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» bog‘ining ochilish marosimida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Sekin-sekin Toshkentdan Toshkent viloyatiga qarab ketyapmiz. Bahavo joylarga qarab ketyapmiz. Biz sekin-sekin «Yangi Toshkent»ni quramiz. Lekin yangi bahavo joyda bo‘ladi. Bu tomonga qarab, mana shu odamlarimizni o‘rgatib, katta loyiha ustida anchadan beri ishlayapmiz», — dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha taxminan 2−3 oy ichida ommaga taqdim etiladi.

«Ko‘plaringiz o‘ylashlaringiz mumkin, nima uchun bu Toshkentdan uzoq joyda deb? Toshkentda endi qurilish qilmaymiz, Toshkentni yashil hududga aylantiramiz», — deya ta’kidladi u.

Prezident so‘nggi 4−5 yil ichida Toshkentda yirik qurilish loyihalari amalga oshirilganini, lekin endi qurilish Toshkent viloyatiga o‘tishini ta’kidladi. Xususan, rasmiylar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida infratuzilma yaratish uchun katta kuch sarflamoqda.

«Shu Bo‘stonliq tumani bilan kelajakda mana shu uyg‘unlikda, iloji boricha hamma yangi qurilishlarimizni Toshkentda emas, yangi rejalar bilan, xalqimiz bilan bitta narsani aytmoqchiman, har bir qo‘ygan g‘ishtimizni ham xalqimiz bilan bamaslahat qilamiz. Mana shuni hamma bilishi kerak», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev avvalroq «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida, «ba’zi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatparastligi tufayli turarjoy mavzelarida odamlar sayr qiladigan, sport bilan shug‘ullanadigan, farzandlari bilan birga toza havoda dam oladigan ochiq joyning o‘zi qolmayotgani» haqida ta’kidlagan edi. O‘shanda prezident Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanayotganini ma’lum qilgan.

Birinchi marta «Yangi Toshkent» loyihasi haqida 2019 yil iyun oyida xabar berilgan. Buyuk Britaniyaning Benoy arxitektura kompaniyasi Chirchiq daryosining qarama-qarshi tomonida 20 ming gektardan ortiq maydonda qurilishi rejalashtirilgan «Yangi Toshkent»ning bosh rejasi haqidagi loyihasini taqdim etgan edi.

May oyida esa Shavkat Mirziyoyev Qibray tumanidagi yangi bog‘ hududi Toshkent tarkibiga o‘tkazilishini ma’lum qilgan.