Para-yengil atletikaning erkaklar o‘rtasida F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida o‘zbekistonlik Boburjon Omonov Paralimpiya rekordini yangilagan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi. U 14.06 metr natija qayd etdi.

Ma’lumot uchun, bu borada jahon rekordi ham aynan Omonovga tegishli. Boburjon Omonov BAAda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 14.31 metr natija bilan dunyo rekordini o‘rnatgan.

O‘zbekistonlik para-yengil atletikachi Nurxon Qurbonova F54 toifasida kechgan bahsda 7.77 metr natija qayd etib, shaxsiy ko‘rsatkichini yangiladi. Shu bilan birga ushbu natija unga bronza medalini ham taqdim qildi.

Foto: MOQ axborot xizmati

Ma’lumot uchun, Nurxon Qurbonova musobaqa davomida yana nayza uloqtirish bo‘yicha ham o‘z omadini sinab ko‘radi.

Shu tariqa ushbu Paralimpiadadagi O‘zbekiston delegatsiyasining medallari 5 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronzaga yetdi.