DXX, IIB va Milliy Gvardiya Sirdaryo viloyati boshqarmalari, Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti xodimlari hamkorligida Xovos tumanida o‘tkazgan tezkor tadbirda kripto-aktiv qurilmalaridan (mayning-ferma) noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Xovos tumanida yashovchi, fuqaro E.D.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan. Aniqlanishicha, fuqaro X.I. kompyuter ehtiyot qismlaridan (videokarta, blok pitaniya, xotira kartasi, plata) qo‘lbola usulda yasalgan, katta hajmdagi kripto-aktiv qurilmalaridan litsenziyasiz foydalanib kelgan.

Shuningdek, tadbir davomida elektr energiyasidan foydalanish holati o‘rganilgan. Unda, 265,2 mln so‘m miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.

Fuqaro E.D. va X.I.lardan taxminiy qiymati 9,2 mlrd so‘mlik 11 turdan iborat jami 3529 dona kompyuter qurilmalari va boshqa turdagi tovar-moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olingan.

Foto: Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati.

Dastlabki tekshiruv va surishtiruv natijasida bunday noqonuniy faoliyatni Koreya davlati fuqarosi S.Y. va O‘zbekiston fuqarosi X.I. lar o‘zaro oldidan til biriktirib, amalga oshirib kelayotgani ma’lum bo‘lgan. Ularning xatti-harakatlari O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasida Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi qarori talablariga zid ekanligi aytilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.