O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 avgust kuni «Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari o‘rinbosarlarining ularga yuklangan vazifalarni bajarishda shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni (PQ-5230) imzoladi.

Hujjatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining e’tibori quyidagilarga qaratilishi belgilandi:

  • qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlashda O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 10 fevraldagi PF-6166-son Farmoniga muvofiq ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha yagona va uzluksiz «texnologik zanjir»ning yangicha ta’sirchan tizimini joriy etish;
  • mas’uliyatsiz o‘rinbosarlariga nisbatan shaxsiy talabchanlik o‘rniga liberal munosabat shakllanib borayotganligi kabi salbiy holatning oldini olish, ularning funksional vazifalarini o‘z vaqtida hamda samarali bajarishga nisbatan shaxsiy mas’uliyatsizligining har qanday ko‘rinishi va holatlariga butunlay barham berish.

Hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari va o‘rinbosarlariga o‘z yo‘nalishlaridan (moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik, investitsiyalar va tashqi savdo va boshqa masalalar bo‘yicha) kelib chiqqan holda ustuvor vazifalar yuklatildi.

  • hokim o‘rinbosarlari — viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmalari boshliqlari — investitsiya, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, hududni rivojlantirishning strategik maqsadlaridan kelib chiqib, uning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash va eksport salohiyatini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish, oliy va yuqori darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha imzolangan «yo‘l xaritalari» ijrosini ta’minlash ishlariga hamda hududlarda tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratish, hudud rahbarlarining xorijiy davlatlarga xizmat safarlari yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar amaliyotga tatbiq qilinishini ta’minlash;
  • mahalliy hokimliklar rahbarlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari — paxta va g‘alla yetishtirish bilan bog‘liq vazifalar bilan bir qatorda, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, shu jumladan klasterlar faoliyatini tashkil etish, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy, innovatsion agrotexnologiyalarni faol kiritish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, ularni qayta ishlash, tomchilatib sug‘orish bo‘yicha innovatsion loyihalarni joriy etish kabi jiddiy va muhim masalalarga e’tibor qaratish;
  • mahalliy hokimliklar rahbarlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusni hududlarda to‘laqonli joriy etish, shu jumladan yoshlarning muammolarini hal qilish va bandligini ta’minlashda faollik ko‘rsatish, aholini ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash, birlamchi tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan qamrab olish, umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, professional ta’lim va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
  • hokim o‘rinbosarlari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari — mahalla fuqarolar yig‘inlarida «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyilini amaliyotga joriy etish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini va osoyishtalikni ta’minlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, tomorqalardan unumli foydalanish, yer uchastkalarini noqonuniy egallashning oldini olish, hududni obodonlashtirish, jamiyatda xotin-qizlar mavqeini yanada oshirish, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar bilan manzilli ishlash, ayollar bandligini ta’minlash borasida aniq natijalarga erishish;
  • mahalliy hokimliklar rahbarlarining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari — ichki turizmni rivojlantirish, turizm qishloqlarini barpo etish, aholini sportga jalb qilish orqali ularning sog‘lig‘ini mustahkamlash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish borasidagi ishlarni talab darajasida tashkil etish, sohani raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik, shu jumladan xususiy sektorning ushbu yo‘nalishlardagi rolini oshirishda tashabbuskorlik ko‘rsatish;
  • mahalliy hokimliklar rahbarlarining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosarlari — aholining, ayniqsa yosh avlodning diniy va dunyoviy qarashlarini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari, Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan radikal g‘oyalarga qarshi milliy an’ana va qadriyatlarimizning keng targ‘ib etilishini ta’minlash, radikal diniy oqimga mansub fuqarolar hamda ularning oila a’zolari bilan manzilli ishlash, ularning bandligini ta’minlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga yaqindan ko‘maklashish, jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik borasidagi ishlarni talab darajasida tashkil etish.

Bundan tashqari, hokimlar o‘rinbosarlari o‘zlari mas’ul bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlari natijalari uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qo‘yildi.

Qaror bilan hokimlarning o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash tartibi joriy etilmoqda.

Vazirlar Mahkamasiga bir hafta muddatda mahalliy hokimliklar rahbarlari o‘rinbosarlarining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, shaxsiy mas’uliyati, vakolati va javobgarligi hamda eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan namunaviy nizomlarni tasdiqlash topshirildi.

Hokim o‘rinbosarlari samaradorlik ko‘rsatkichlari ijrosi bo‘yicha har oy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan tele va radio kanallar orqali axborot beradi.

Ularning faoliyati har chorak yakuni bo‘yicha mahalliy vakillik hokimiyati organlari yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama qilinadi hamda baholanadi. Bunda, mahalliy hokimliklar rahbarlari o‘rinbosarlari tomonidan samaradorlik ko‘rsatkichlari ijrosi 70 foizdan kam ta’minlanganda — «qoniqarsiz», 71 foizdan 90 foizgacha — «qoniqarli», 91 foizdan 99 foizgacha — «yaxshi» hamda 100 foiz va undan yuqori bo‘lganda «a’lo» deb baholanadi.

Har chorak yakuni bo‘yicha mahalliy hokimliklar rahbarlari tomonidan baholash natijalari tegishli tahliliy materiallar bilan birga Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. So‘ngra bosh vazirning birinchi o‘rinbosari (Ochilboy Ramatov) bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari hamda Vazirlar Mahkamasi apparatining mas’ul tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda taqdim etilgan tahliliy materiallarni tegishli rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilgan holda har bir rahbar o‘rinbosari faoliyatiga berilgan shaxsiy bahoni muhokama qiladi, ularni rag‘batlantiradi yoki o‘ziga biriktirilgan yo‘nalishlarda samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbar o‘rinbosarlarining lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqadi hamda bu to‘g‘risida aniq takliflar bilan birga bosh vazirga hisobot beradi.

Shundan so‘ng mahalliy hokimliklar rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi o‘tkaziladi hamda mahalliy hokimliklar rahbarlari o‘rinbosarlari rag‘batlantiriladi yoki ularga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘riladi.

Hokimlar o‘rinbosarlari faoliyatini samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimi 2021 yil yakuniga qadar eksperiment tariqasida amalga oshiriladi. Vazirlar Mahkamasi eksperiment yakunlariga ko‘ra 2022 yil 1 fevralga qadar mahalliy hokimliklar rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyatini samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholashni tashkil etishda yuzaga kelgan muammolar va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, mazkur tizim samaradorligini oshirish maqsadida uni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritishi lozim.