O‘zbekiston paralimpiya delegatsiyasi Tokio-2020 o‘yinlarining dastlabki oltin medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Para-dzyudochi Uchqun Quronboyev -66 kg vazn toifasida oltin medal uchun kechgan bahsda ispaniyalik Serxio Ibanes bilan raqobatlashdi. Qiziqarli va murosasiz kechgan bellashuvda Quronboyevning qo‘li baland kelib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Hozirda O‘zbekiston paralimpiya delegatsiyasi 1 tadan oltin, kumush va bronza medallari bilan umujamoa hisobida 16-o‘rinni egallab turibdi.