Srechko Katanets O‘zbekiston futbol terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Sloveniyalik mutaxassis bilan bugun Toshkentda shartnoma imzolandi. Shartnoma 2025 yilga qadar mo‘ljallangan. Uning murabbiylar shtabida 5 nafar xorijlik mutaxassis ish olib boradi. Alesh Chex va Vlado Radmanovich — yordamchi murabbiylar, Martin Magister jamoa a’zolarining jismoniy tayyorgarligiga javobgar, Nihad Peykovich — darvozabonlar murabbiyi, Yan Katanets — fizioterapevt.

Foto: O‘FA.

Ma’lumot o‘rnida, Srechko Katanets 1963 yilda Sloveniyaning Lyublyana shahrida tavallud topgan. 1981−1994 yillar davomida «Partizan», «Shtutgart», «Sampdoriya» kabi jamoalarda to‘p surgan. Ushbu davr mobaynida A-seriya va Italiya kubogini qo‘lga kiritgan, shuningdek, UEFA Championlar ligasi va UEFA Kubogi final uchrashuvlarida ishtirok etgan hamda Yevropa Kubok egalari kubogida zafar quchgan.

Murabbiylik faoliyatida esa Makedoniya, Birlashgan Arab Amirligi, Sloveniya va Iroq milliy terma jamoalarini boshqargan. Srechko Katanets tarixda birinchi bor Sloveniya milliy terma jamoasini Jahon va Yevropa chempionatlariga olib chiqqan murabbiy hisoblanadi.