Ushbu haftada O‘zbekiston hududida avgust oyining oxirgi o‘n kunligiga xos bo‘lgan asosan kam bulutli issiq ob-havo, kuchsiz, ba’zi joylarda biroz esadigan shamollar ustunlik qiladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Hafta davomida tog‘li hududlarda asosan tinch ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 23−24 avgust kunlari tog‘ va tog‘ oldi hududlarda mahalliy momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.

Haftaning birinchi yarmida respublika hududida me’yordan +2…+3 darajaga yuqori bo‘lgan issiq ob-havo saqlanib turadi. Faqat haftaning ikkinchi yarmida harorat foni asta-sekin pasayishni boshlaydi.

Hafta davomida harorat kechalari +17…+22 daraja, kunduz kunlari 23−26 avgustda +33…38 daraja, 27−28 avgustda +31…+36 daraja atrofida bo‘ladi.