20 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlardan kelib tushgan 15 mingdan ortiq savol, taklif va tashabbuslar asosida dastur ishlab chiqilgan. Dasturga muvofiq, kelgusida mamlakatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar 7 ta yo‘nalish asosida amalga oshiriladi.

«Gazeta.uz» ushbu uchrashuvda 7 ta yo‘nalish bo‘yicha e’lon qilingan barcha o‘zgarishlarni o‘tkazib yubormasligingiz uchun ularni sizga taqdim etadi.

Tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish yo‘nalishida

Kreditlar bo‘yicha stavkalar pasayadi, valyuta xatarlari sug‘urtalanadi

Banklarning kapitalini oshirish maqsadida 2022 yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida qo‘shimcha 600 mln dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar tanlov asosida ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan mablag‘larni jalb qilmoqchi bo‘lgan bank tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30% qo‘shimcha resurslar jalb qiladi. Jumladan, banklar tomonidan 2022 yilda xalqaro moliya bozorlarida milliy valyutada 5 trln so‘mlik yevrobondlar chiqariladi.

Shuningdek, O‘zbekiston bozorida ishlashga tayyor, zamonaviy texnologiyalarga ega yirik xorijiy banklarning kirib kelishi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Banklar chetdan resursni qaysi valyutada jalb qilishidan qat’iy nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta — so‘mda va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi. «Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablag‘larni so‘mga o‘girib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi», — deya ta’kidladi prezident.

Bundan buyon hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag‘lar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi.

1 oktyabrdan boshlab, ilgari 1 mln dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 mlrd dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan, milliy valyutaga o‘tkazib beriladi.

Yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobiga, tijorat banklarida har yili o‘rtacha 30−40 trln so‘mlik milliy valyutadagi, uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar shakllanadi. Bular hisobiga, tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5% arzon olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Inflyatsiya darajasini 2021 yilda 10% ga, kelgusi ikki yilda 5% ga tushirish rejalashtirilgan. Bu, o‘z navbatida, kredit foiz stavkalarining sun’iy pasaytirilishi natijasida pul bozoridagi muvozanat buzilishi xavfini kamaytirib, tabiiy ravishda kredit stavkalarini maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi.

Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida onlayn platforma yaratiladi. Kreditni rasmiylashtirishdan tortib, mahsulotni olish-sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar elektron tarzda, onlayn hal etiladi. O‘z navbatida, ushbu platforma ta’minotchi korxonalar uchun ham kamida 10 trln so‘mlik bozor yaratadi.

Bu borada, mahallabay ish tashkil etish bo‘yicha «Andijon tajribasi»ni butun mamlakat bo‘ylab keng qo‘llash lozim bo‘ladi.

Mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash bekor qilinadi

Biznesni moliyalashtirish manbalarini yanada ko‘paytirish maqsadida nobank kredit tashkilotlarini ochish va yuritishga qo‘yiladigan mavjud talablar yengillashtiriladi.

1 oktyabrdan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi to‘liq bekor qilinadi. Endi, ular faoliyatini boshlashi uchun faqatgina Markaziy bank reyestriga kirishlari kifoya. Shuningdek, bundan buyon ularga kassa xonalari tashkil etish, hududlarda filiallar ochish uchun Markaziy bankning roziligini olish shart bo‘lmaydi.

Ular tomonidan tadbirkorlarga beriladigan mikrokredit (300 mln so‘m) va mikrolizing (600 mln so‘m) uchun amaldagi cheklovlar ham olib tashlanadi.

Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlariga boshqa tashkilotlardan mablag‘lar jalb qilish, obligatsiyalar chiqarish huquqlari hamda banklar kabi to‘lovlarni qabul qilish vakolati beriladi.

Ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan kredit bozorida tadbirkorlar uchun yiliga qo‘shimcha 10 trln so‘m mablag‘ shakllanadi.

Soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish yo‘nalishida

2020 yil fevral oyida «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi.

Shuningdek, ichki bozorda teng raqobat bo‘lishi uchun eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xom ashyo import bojidan ozod etiladi.

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga QQSning ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi. Ushbu tartib tadbirkorlarga bir yilda o‘rtacha 350 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini qisqa muddatda qaytarib olish va aylanma mablag‘larini ko‘paytirish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kun davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi.

Noruda qazilmalarga (qum-shag‘al, ohaktosh, gips, dolomit kabi) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga kamaytiriladi. Buning hisobiga, 1,5 mingga yaqin korxonalar ixtiyorida yiliga 500 mlrd so‘m mablag‘ qoladi.

Jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasi yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilinadi. Bu qo‘shimcha 30 mlrd so‘m korxonalar ixtiyorida qolishini anglatadi. Ularning boshqa soliqlardan mavjud 35 mlrd so‘m qarzlari muddatlari 2021 yil yakunigacha uzaytiriladi, kreditlarini qaytarish ham kechiktiriladi.

Shu bilan birga, turizm kompaniyalari va mehmonxonalarni turistik yig‘imlardan 2 yil muddatga ozod qilinadi. Buning natijasida 2 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 150 mlrd so‘m qoladi.

Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan 5 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlariga jarima solish va bugungi kungacha qo‘llanilgan 6 trln so‘mlik jarimalarni undirish 2021 yil yakuniga qadar to‘xtatiladi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab soliq idoralari o‘z elektron dasturlari orqali biznes subyektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yo‘lga qo‘yadi. Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bog‘liq moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi to‘liq bekor qilinadi.

2022 yildan QQSni qo‘shimcha hujjatsiz qaytarish tartibi amaliyotga joriy etiladi.

2022 yildan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olishda soliq va bojxona idoralarining elektron bazalari o‘zaro bog‘lanadi. Ya’ni, soliq idoralarida mavjud qo‘shilgan qiymat solig‘i ortiqcha to‘lovlar bojxona to‘lovlarini amalga oshirayotganda ham inobatga olinadi. Ushbu yengillikdan 10 mingdan ziyod tadbirkor foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Yer ajratish, sotish va xususiylashtirib berishda ochiqlik tamoyillariga amal qilish hamda tadbirkorlarning yerga bo‘lgan mulkiy huquqlarini kafolatlash yo‘nalishida

Prezident 19 avgustda ayni shu masalalar tartiblarini ko‘zda tutuvchi qonunni imzolaganligini aytib o‘tdi.

Unga muvofiq, barcha yerlar 2 ta toifaga — qishloq xo‘jaligi yerlari va noqishloq yerlariga ajratildi.

Qishloq xo‘jaligi yerlari ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi. Bu tanlovda dehqon, fermer, agrofirma va klasterlar teng shartlarda ishtirok etadilar.

Noqishloq yer maydonlari faqat auksion orqali sotiladi. Bundan buyon yer maydonlari faqat ochiq auksion orqali xususiy mulk sifatida sotiladi yoki ijaraga beriladi.

Tadbirkorlarga o‘z korxonasi joylashgan yer maydoni mulk qilib egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqi asosida rasmiylashtirib beriladi. Bu yerni xususiylashtirishga faqat yer egasining o‘zi haqli bo‘ladi. Bunda, yerning turiga qarab, uning joylashgan hududidan kelib chiqib, yerlar imtiyozli shartlar asosida ushbu korxonalarga xususiylashtirib beriladi. Bundan keyin tadbirkorlar yerdan yuqori likvidli aktiv va garov obyekti sifatida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Bundan buyon davlat mulki obyektlari, ular joylashgan yer bilan birga yagona mulkiy majmua sifatida auksion orqali sotiladi. Binoni sotib olgan tadbirkorlar unga biriktirilgan yerga ham xususiy mulk huquqi asosida egalik qiladilar.

Tasdiqlangan dasturga qo‘shimcha ravishda yil yakuniga qadar yana 500 ta davlat aktivlari ochiq savdoga chiqariladi.

Bundan keyin yangi yer maydonlarini auksionga chiqarishdan oldin, hudud rivojlanishining aniq rejasi tuzib olinadi.

Har bir viloyatda maxsus jamg‘armalar tashkil etiladi va yer maydonlarini sotishdan tushgan mablag‘ to‘liq tuman va shaharlar ixtiyorida qoldirilib, tadbirkorlar uchun infratuzilma yaratish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

1 noyabrga qadar har bir hududda kamida mingtadan yer maydoni sotuvga chiqariladi. Shuningdek, magistral yo‘llar bo‘yida, loyiha asosida, har bir hududdan kamida 200 tadan yer maydoni auksionga qo‘yiladi.

Tadbirkorlik faoliyatini infratuzilma bilan ta’minlash yo‘nalishida

2022 yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 200 mlrd so‘mga teng loyihalar bo‘yicha elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasini yetkazib berish to‘liq davlatning zimmasida bo‘ladi.

Kelgusi 2 yilda respublika bo‘yicha qo‘shimcha 200 ta sanoat zonalari tashkil etiladi. Ularning har biriga kamida 15 ta korxonani joylashtirish mo‘ljallanib, elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasi yetkazib berish to‘liq davlatning zimmasida bo‘ladi.

Ushbu maqsadlar uchun, 2022 yilda byudjetdan 2 trln so‘m mablag‘ ajratiladi.

2021 yil 1 noyabrgacha 4 mingta transformatorni almashtirish, 35 ta podstansiya, 15 ming kilometr tarmoqlarni yangilash ishlari yakuniga yetkaziladi.

2021 yil yakuniga qadar to‘liq xususiy investitsiyalar hisobiga umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt bo‘lgan 8 ta issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

2023 yilga qadar elektr energiyasi bo‘yicha qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari 4 ming 400 Меgavaттга oshiriladi.

2022 yil boshidan Energetika vazirligi tomonidan elektr tarmoqlariga ulanishning yangi, qulay tizim joriy etiladi. Bunda elektr tarmog‘iga ulanish to‘liq elektron platformaga o‘tkaziladi va barcha jarayonlar bir bosqichga tushiriladi.

Tadbirkorlarni elektr tarmog‘iga ulash muddati 20 kilovattgacha bo‘lgan quvvatlar uchun — 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi. Agar elektr ta’minoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, ular tadbirkorlarga kompensatsiya to‘laydi. Ushbu ishlar Davlat xizmatlari markazlari orqali tashkil etilib, muntazam nazorat qilib boriladi.

Eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga keng jalb qilish yo‘nalishida

1 oktyabrdan eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tartibi barcha tarmoqlarning halol va intizomli eksportyorlariga nisbatan tatbiq etiladi.

Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan yiliga 20 mln dollardan ortiq eksport qiluvchi korxonalarga 5 mln dollargacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Yuqori sifat va nazorat tizimiga ega Yevropa Ittifoqi, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda sertifikat berilgan asbob-uskuna va xomashyolarga milliy sertifikat olish amaliyoti bekor qilinadi.

Xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalari pasaytiriladi.

Transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish yo‘nalishida

2021 yil yakuniga qadar transport koridorlarini rivojlantirish, yuklarni bojxona orqali o‘tkazishni soddalashtirish va raqamlashtirish, transport xarajatlarini qisman qoplash tizimi orqali 3 mingdan ziyod eksportyor korxonalar eksport hajmi 2 mlrd dollarga yetkaziladi.

Yuk avtomobillarini olib kirish uchun berilgan bojxona imtiyozlari yana 3 yilga uzaytirildi.

Temir yo‘l tariflarini qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda, tadbirkorlarga mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo importi uchun amaldagi tariflar kamida 25% arzon bo‘ladi.

Transport vazirligi 2022 yil 1 yanvardan boshlab, har bir xizmatning tannarxi va uning tarkibini keng jamoatchilikka e’lon qilib boradi.

2022 yilda o‘z vagoni va konteyneriga ega bo‘lgan xususiy logistika operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va tariflar ikkiga ajratiladi. Bunda, davlat tomonidan faqatgina temir yo‘l infratuzilmasi hamda lokomotiv xizmatlari tartibga solinadi, yuk vagonlari xizmati esa bozor tamoyillari asosida tashkil qilinadi.

Shuning uchun, xususiy tadbirkorlarga temir yo‘l vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.

Tadbirkorlikka oid tartib-taomillarni soddalashtirish yo‘nalishida

2022 yil 1 yanvardan, subsidiyalarni ajratish bo‘yicha murojaatlar «yagona darcha» tamoyili asosida qabul qilinadi, jarayonda ishtirok etadigan davlat idoralari soni 2−3 baravarga qisqartiriladi.

2022 yildan boshlab, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun barcha ruxsat etuvchi hujjatlar «onlayn» tarzda rasmiylashtiriladi. 2021 yil yakuniga qadar litsenziya yoki ruxsatnomalar soni yana kamida 30% ga qisqartiriladi.

1 noyabrdan barcha texnik talablarga to‘la javob beradigan, zamonaviy induksion pechlardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi. Bunda mahsulot sifatini ta’minlash, uni yagona standartlar va xavfsizlik talablariga to‘la javob berish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan har qanday tekshirish, monitoring va nazorat tadbirlarida adolat mezonlari va qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida Savdo-sanoat palatasiga tadbirkorning roziligi bilan, barcha tekshirishlarda ishtirok etish va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish vakolati beriladi.

Mahalliy hokimliklar bino va inshootlarning buzilishi bo‘yicha 349 nafar tadbirkordan 123 mlrd so‘m qarzdorligini inobatga olgan holda, 1 sentyabrga qadar tadbirkorlar bilan barcha hisob-kitoblar yakuniga yetkaziladi.


Bundan tashqari, prezident 20 avgustni «Tadbirkorlar kuni» deb e’lon qilishni taklif etdi.

Shuningdek, davlat rahbari temir yo‘l yuklarini tashish sohasidagi monopoliyani tanqid qilib, «O‘zbekiston temir yo‘llari» raisiga monopoliyani bartaraf etish to‘g‘risida topshiriq berdi.