Tashqi siyosatdagi maxsus vaziyat tufayli Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi viza bo‘limi noma’lum vaqtga yopiladi. Bu haqda diplomatik vakolatxona saytida xabar qilindi.

Elchixonada, ayniqsa, viza olish uchun tayinlangan uchrashuvlar shu vaqtdan e’tiboran kuchga kirishi bilan bekor qilinadi.

«Yangi vizaga yozilish vaqtlari haqida, hamda viza olish uchun uchrashuvlar haqida kerakli vaqtda xabar beriladi. So‘rovnomalaringizni yubormasligingizni iltimos qilamiz. Bu boradagi savollar hozircha javobsiz qoladi», — deyiladi xabarda.

Foto: Bundeswehr im Einsatz / Twitter.

Germaniya ayni vaqtda o‘z fuqarolarini Kobuldan O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilish ishlarini davom ettirmoqda. 19 avgustdan O‘zbekiston Germaniya, Yevropa ittifoqining boshqa davlatlari hamda Afg‘oniston fuqarolarini Kobuldan Toshkent orqali uzluksiz evakuatsiya qilinishini ta’minlash maqsadida poytaxt aeroportining mahalliy terminalini ajratib berdi.