FHDYO organlari tomonidan 2021 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida 143 555 ta nikoh qayd etildi, deb xabar berdi DXA matbuot xizmati.

Eng ko‘p nikoh Samarqand viloyatiga (16 680 ta) va eng kami esa Sirdaryo viloyatiga (3 667 ta) to‘g‘ri kelmoqda.

Hududlar kesimida eng ko‘p qarindoshlik rishtalarini Toshkent shahri va Toshkent viloyati bog‘lagan bo‘lib, jami 1517 ta nikoh qayd etilgan. Ro‘yxatda keyingi o‘rinlarni Sirdaryo va Jizzax viloyatlari (519 ta), Samarqand va Jizzax viloyatlari (460 ta) egallagan.

Mamlakatda yashayotgan xorijliklar o‘rtasida 7 oyda tuzilgan nikoh 96 tani tashkil etgan. Shundan eng ko‘pi Toshkent shahri (16 ta) va Surxondaryo viloyatida (13 ta) ro‘yxatga olingan.

Yanvar-iyul oylarida 2113 nafar O‘zbekiston va chet ellik fuqarolar o‘rtasida nikoh qayd qilingan.

«Shundan, 1272 nafar o‘zbekistonlik qizlar xorijiy mamlakat fuqarosi bo‘lgan kuyovlarga turmushga berildi hamda 937 nafar xorijiy mamlakat fuqarosi bo‘lgan qizlar yurtimizga kelin qilib olindi», — deyiladi xabarda.

DXA matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, kuyovlar quyidagi davlatlar fuqarolari hisoblanadi:

  • Rossiya — 207 nafar;
  • Qozog‘iston — 148 nafar;
  • Turkiya — 106 nafar;
  • Tojikiston — 97 nafar;
  • Koreya Respublikasi — 42 nafar;
  • Qirg‘iziston — 37 nafar;
  • Afg‘oniston — 24 nafar;
  • AQSh — 13 nafar;
  • Xitoy — 11 nafar.

Kelinlarning eng ko‘pini esa Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Gruziya, Ozarbayjon mamlakatlari fuqarolari tashkil etgan.

Yana bir jihat, yarim yil ichida ota-onasi xorij fuqarosi bo‘lgan 385 nafar bola dunyoga kelgan. Eng ko‘p tug‘ilish Surxondaryo (70 ta) va Qashqadaryo (43 ta) viloyatlarida qayd qilindi.