Iqtisodchi, Medisondagi (AQSh) Viskonsin universiteti biznes-maktabining doktoranti Behzod Hoshimov so‘nggi kunlarda Afg‘oniston bo‘layotgan voqealar haqida nimalarni o‘rganganligi va jarayon qanday kechishi mumkinligi haqida maqolasini e’lon qildi. Iqtisodchi ushbu vaziyatda O‘zbekiston nimaga e’tibor berishi kerakligiga ham to‘xtalgan. Мuаллифнинг roziligi asosida, қuйида uning maqolasidan ayrim joylarini juz’iy tahrir bilan e’tiboringizga havola etamiz.

…O‘zbekistonga keladigan bo‘lsak, toliblarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yurishining ehtimoli albatta nolga yaqin deyishmoqda, Toliblar bunday maqsadlari yo‘qligini ko‘p aytishgan. Muhimi, bizning vatan himoyachilarimiz kuchli va tashqi siyosatimizga mas’ul insonlar bunday narsalar haqida ancha oldin o‘ylashgan va hatto elchixonalar ham yopilmagan. Ya’ni “Tolibon” yaqin kelajakda bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy xavf tug‘dirishga jur’at qilmaydi degan xulosa qilsak ham bo‘ladi.

Lekin bu voqeaning ayanchli iqtisodiy oqibatlari va potensial g‘oyaviy oqibatlari mavjud. Ravshanki, biz islohotlarni qilib, tezroq boyisak, “Tolibon” kabi xatarlar unchalik qo‘rqinchli emas. Ko‘p boy mamlakatlar, shartli Isroil yoki Janubiy Koreya o‘z dushmanlari qamrovida bo‘lsalar ham, ancha normal hayot kechira oladilar. Lekin kambag‘allik va daromadlar pastligi — haqiqiy xavf tug‘dirishi mumkin. Tarixda biror-bir boy mamlakatda kuch ishlatish natijasida hukumat almashmagan, umuman olsak ham, boylik bilan kuch ishlatish juda bog‘liq — ya’ni boyish va farovonlik xavfsizlik ustiga quriladi. Qashshoqlik esa kuch ilshatilishiga olib kelishi mumkin. Bizning iqtisodiy darajamizda, afsuski, bizdek tinch mamlakatlar deyarli yo‘q, bizning daromadlarimiz ancha “xavfli” chegarada.

Biz hozirgi tinchligimiz uchun ko‘p shukr qilgan holda, iqtisodiy taraqqiyot haqida o‘ylashimiz kerak. Kishi boshiga daromadlarimiz haliyam 2 ming dollar emasligini hisobga olsak, tinchligimiz uchun kelajakdagi bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf aynan shu — iqtisodiy qoloqlik va imkoniyatlar tengsizligi. Shuning uchun ham, tinchlik, barqarorlik va osmonimiz hamisha mussafoligi haqida fikrlaganda, shubhasiz iqtisodiyot haqida fikrlashga majburmiz. Iqtisodiy taraqqiyot deganda, shartli daromadlarni hozirgi sal kam ikki mingdan, deylik, o‘n mingga olib chiqa olsak, biz janubimizda sodir bo‘lgan va bo‘lishi mumkin bo‘lgan juda og‘riqli va xavfli vaziyatlardan o‘zimizni ancha saqlagan bo‘lamiz.

Farovon, erkin va adolatli mamlakatlarda, kuch orqali hokimiyatni egallash yoki dushmanlar bosqinchi kabi xatarlar deyarli bo‘lmaydi (kuch orqali inqiloblar boy mamlakatlarda hali biror marta bo‘lmagan).

Xulosa qilib aytmoqchimanki, o‘zbekistonliklarga ham Afg‘onistondagi notinchlik katta qayg‘u olib kelmoqda va tabiiyki, nima qilish kerak degan savolni tug‘dirmoqda. Ravshanki, qayerdadir ekstremist g‘oya hukmron bo‘lsa, o‘sha g‘oya tez tarqaydi. Suriya va Iroqni eslang. Juda bo‘lmasa, bir asr oldingi kommunistik inqilob boshqa mamlakatlardagi inqiloblarga olib kelganligini eslang. Ya’ni ekstremist g‘oyalarni boshqa yerdagi ekstremist g‘oyalari quvvatlantiradi, va bu albatta qo‘rqinchli.

Biz o‘zbekistonliklar, o‘ylaymanki, o‘zimizning konstitutsiyamizni va u yerdagi g‘oyalarni ko‘z qorachig‘idek asrashimiz kerak. Bu degani erkinliklar ko‘payishi kerak. Vijdon erkinligi, e’tiqod erkinligi va diniy erkinlik jamiyatni barqaror qiluvchi muhim element. Bu degani, inson ixitiyoriy dinga e’tiqod qilishi va jumladan hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik haqqi — hukumat tomonidan juda yaxshi muhofazalanishi kerak. Axir erkinliklarning eng muhimi — bu, shubhasiz e’tiqod va vijdon erkinligi.

Bundan tashqari, so‘z erkinligini ham himoya qilish kerak, buning uchun erkin ishlaydigan ikki institut: parlament va sud kerak bo‘ladi. Faqatgina kuchli va g‘oyalar uchun raqobatli parlament, hamda adolatli va mustaqil sud borligi so‘z erkinligini samarali muhofaza qila oladi. Adolatni ta’minlaydi. Xuddi shunday, siyosiy islohotlar, jumladan, fiskal va siyosiy markazsizlashtiruv, siyosiy va moliyaviy qarorlarni qabul qilishda ko‘proq odamlar ishtirokini ta’minlash kerak, masalan tashabbusli budjet to‘g‘ri qadamlardan biri.

Albatta, tezroq bozor iqtisodiyotiga o‘tishni ham o‘ylash kerak. Xohlaymizmi yo‘qmi, bozor iqtisodiyotiga o‘tmasdan turib odamlarning farovonligini oshira olmaymiz. Kambag‘allik va iqtisodiy qoloqlik ekstremizm va xavfli g‘oyalar uchun ham katalizator, ham unumdor tuproq bo‘lishi haqida yetarli dalillar mavjud. Shuning uchun, iqtisodiy va siyosiy islohotlar tinchligimiz va farovonligimiz uchun nihoyatda muhim deb o‘ylayman.

Yana bir narsa, bu qanchalik maqsadga muvofiq bilmayman, lekin fikr eksperimenti tariqasida Afg‘onistondan yuqori malakali insonlarni balki O‘zbekistonga olib kelib boshpana berish mumkinmikan? Bilasiz, urushlarda, nafaqat mamlakatning fizik kapitali va infratuzilmasi, balki inson kapitali ham shikast yeydi. Hozirgi ahvolda, Afg‘onistonda ko‘plab yuqori malakali olimlar, shifokorlar, muhandislar, texnologiya bilan shug‘ullanuvchilar, qishloq xo‘jaligi, qurilish va ta’lim sohasida yuqori malakaga ega insonlar bor. Ularni qandaydir olib kelish biz uchun juda katta yutuq bo‘lar edi.

Hozir ularni ko‘pchiligi g‘arbga ketishmoqchi, lekin ketishlari qiyin kechmoqda, biz uchun ham umuminsoniy nuqtai nazardan, ham rivojlanish nuqtai nazaridan juda sifatli inson kapitali albatta qo‘l kelar edi. Bu xuddi Germaniya va Yevropadan AQShga urush paytida yahudiy olimlarni ko‘chib borishidek bo‘lishi mumkin. Albatta, bu bahsli mavzu, lekin shuni ham yozib qo‘yay dedim.