2019 yil iyul oyida O‘zbekiston IIV YHXBB yo‘l harakati qoidabuzarliklari to‘g‘risidagi video yozuvlarni qabul qilish uchun maxsus veb-saytni ishga tushirdi: video.yhxbb.uz. Videoni yuborish orqali huquqbuzardan yig‘ilgan jarima miqdori hisobidan BHMning 5% miqdorida mukofot puli olish mumkin. Xohishga qarab, pulni xayriya ishlariga o‘tkazsa ham bo‘ladi.

2021 yil 1 yanvarga qadar YHXBB faqat avtomobil videoregistratorlarida yozib olingan qoidabuzarliklar yozuvlarni qabul qildi. Ammo endi har qanday video yozish moslamasidan, jumladan, videokuzatuv kameralari va mobil telefonlarda ham olingan videolarni yuklash mumkin.

«Gazeta.uz» yo‘l harakati qoidabuzarliklari qayd etilgan video yozuvni yuborish va mukofot pulini olish bo‘yicha batafsil qo‘llanmani oldinroq taqdim etgan edi.


10 avgust holatiga ko‘ra, saytdagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 470 mingga yaqin qoidabuzarlik yuklangan, shundan deyarli 165 mingtasi rad etilgan. Demak, DYHXX ma’muriy inspektorlari o‘rtacha olganda har uchinchi qoidabuzarlikni rad etishadi.

Buning asosli sabablari borligi tushunarli — video sifatining pastligi, mashina raqamining ko‘rinmasligi va boshqalar. Ammo ba’zida xodimlarning qarorlari savollar tug‘diradi: inspektorlar yuklangan videoga qo‘yiladigan barcha talablar bajarilgan taqdirda ham yozuvni rad qilishlari, og‘irroq jazo o‘rniga yengilroq jazo qo‘llashlari yoki hatto videoyozuvdagi qoidabuzarlikni «sezmasliklari» ham mumkin. Bundan tashqari, videolarni ko‘rib chiqishda bir qator boshqa muammolarni ham uchratish mumkin.

Videoyozuvlarni ko‘rib chiqish muddatining cho‘zilishi

Hukumat tomonidan tasdiqlangan videoyozuvlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, DYHXX ma’muriy inspektorlari 3 kun ichida videolarni ko‘rib chiqishi va qaror qabul qilishi kerak. Qabul qilingan qaror haqidagi javob videoni yuklagan shaxsga elektron shaklda 15 kun ichida berilishi kerak.

Ammo amalda nizom tizimli ravishda buziladi, ko‘rib chiqish muddati esa 14 kungacha cho‘zilishi mumkin.


19 iyul kuni yuklangan qoidabuzarlik videosi 12 kun davomida ko‘rib chiqilgan.


23 iyulda yuklangan yana bir video faqat 10 kundan keyin — 2 avgustda ko‘rib chiqilgan.


Bu holatni ta’til paytida xodimlar sonining kamayishi bilan bog‘lash mumkin, lekin may oyida ham xuddi shunday holat kuzatilgan.


Bu yerda ko‘rib chiqish uchun 13 kun kerak bo‘lgan.


Bu holatda inspektorlar qoidabuzarlikni 14 kun davomida ko‘rib chiqishgan.

Shunga o‘xshash 8 kun va 10 kungacha murojaatlarni ko‘rib chiqish mart oyida, hatto fevralda 5 kunga cho‘zilishi kuzatildi.

Afsonaviy «yetkazilmadi» statusi

Yo‘l harakati qoidalarini buzgan ba’zi videolar DYHXX ma’muriy inspektori tomonidan ko‘rib chiqilgandan so‘ng «yetkazilmadi» statusini oladi.

video.yhxbb.uz saytidagi yo‘riqnomaga ko‘ra, bu status qoidabuzarlik to‘g‘risidagi ma’lumot texnik muammolar tufayli «Ma’muriy amaliyot» tizimiga qaror shakllantirish uchun yuborilmay qolganligini bildiradi.

Lekin, amalda, bir marta bunday statusni olgan ariza o‘z statusini boshqa o‘zgartirmaydi va «texnik muammolar» shu holicha doimiy qoladi. Natijada, YHQ buzilishi ma’muriy inspektor tomonidan tasdiqlanadi, lekin qabul qilingan qaror manziliga yetib bormaydi va aybdor jarima bilan jazolanmaydi.


Bunday statusni maxsus seriyali davlat raqami bo‘lgan xizmat avtomobillarining haydovchilari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar tasvirlangan videoyozuvlar olishi mumkin.

Masalan, oldinda turgan avtomobilni yo‘lning qarama-qarshi tomonidan quvib o‘tish va buning uchun jazolanmaslik mumkin.


20 daqiqadan so‘ng esa nazorat qilinmayotgan piyodalar o‘tish joyida bolalarga yo‘l bermasdan yana qoidani buzish va jazosiz qolish mumkin.


Og‘ir jazolarni yengilroqlari bilan almashtirish

Videoyozuvlarda inspektorlar katta miqdordagi jarimali qoidabuzarlik o‘rniga jazosi yengilroq bo‘lgan elementlarni topish holatlari ham kam emas.

Amaldagi yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, ikkitalik qalin chiziq (1.3) to‘rt yoki undan ko‘proq «polosali» yo‘llarda qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratib turadi. Shuning uchun, uni kesib o‘tish, qarama-qarshi kelayotgan transport uchun mo‘ljallangan yo‘lga chiqib ketishsh deb talqin qilinishi kerak.

Ammo inspektorlar ko‘pincha ikkitalik qalin chiziqning kesib o‘tilishini oddiy chiziq qoidalarini buzish deb izohlaydilar. Va 10 BHM miqdoridagi jarima o‘rniga qoidabuzar faqat 0,5 BHM jarimaga tortiladi.

Masalan, qarama-qarshi tomondan kelayotgan transport uchun mo‘ljallangan harakat qismi orqali boshqa avtomobilni quvib o‘tish va faqat chiziqni buzganlik uchun jarima olish mumkin.


Yoki, qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratadigan va yo‘llarning xavfli joylarida harakatlanish bo‘laklari chegaralarini belgilaydigan belgi chizig‘ini (1.1) kesib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalish uchun mo‘ljallangan yo‘ldan avtomobillarni quvib o‘tish va minimal jarima bilan qutilib qolish mumkin.


Shuningdek, bir vaqtning o‘zida ikkita yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda, svetoforning taqiqlovchi belgisiga to‘xtagan transport oqimini qarama-qarshi tomondan quvib o‘tish va chiziq qoidalarini buzganlik uchun minimal jazo olish mumkin.


Quyidagi videoepizodda yo‘lda aniq ko‘rinib turgan ikkitalik qalin chiziq belgisi bor, uni kesib o‘tib, chapga burilish mumkin emas. Biroq, bu Gentra haydovchisining qarama-qarshi harakat uchun mo‘ljallangan yo‘ldan haydashga, chiziqni kesib o‘tishga va chapga burilishga to‘sqinlik qilmadi. Inspektor BHMning yarmi miqdoridagi jarima bilan oddiy chiziq qoidasining buzilishi to‘g‘risida qaror chiqardi.


Ko‘rinib turibdiki, belgi qoidalarini buzish — bu har qanday holatga mos keladigan inspektorlarning universal hukmidir. Quyidagi videoda Epica haydovchisi yo‘lchiroqning taqiqlovchi belgisiga o‘tib ketgani ko‘rsatilgan. Qoidabuzarlikni ko‘rib chiqayotgan inspektor bu yerda faqat belgi qoidasi buzilishini ko‘radi. 2 BHM jarimasi o‘rniga, haydovchi qizil chiroqda harakat qilgani uchun atigi 0,5 BHM to‘laydi.


Inspektorlar tomonidan yo‘l harakati qoidalarining yaqqol buzilganligining rad etilishi

Ba’zida DYHXX ma’muriy inspektorlari «Taqdim etilgan videoda ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari yetarli emas» degan sabab bilan yo‘l harakati qoidabuzarliklari yaqqol aks etgan videoyozuvlarni rad etishadi.

Masalan, qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratuvchi qalin chiziqni bosib o‘tish va «Quvib o‘tish» mumkin emas belgisi hududida transport vositasini quvib o‘tish mumkin, lekin bu qoidabuzarlik deb hisoblanmaydi.


Bu yerda svetofor ishlaydi, fazalarning o‘zgarishi va teskari taymer vaqti yaqqol ko‘ringan. Ikkita haydovchilar svetoforning taqiqlovchi belgisiga o‘tib ketishdi, lekin inspektor «Svetoforlar to‘liq yonmayapti. Svetoforlarning to‘g‘ri ishlashi ko‘rinmayapti» sababi bilan qoidabuzarlikni rad qildi. Unda, svetoforlarning to‘g‘ri ishlashi qanday bo‘ladi?


Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, «Harakat oldinga» yo‘l belgisi (4.1.1) uning oldida o‘rnatilgan harakatlanish bo‘laklarining kesishmasiga tegishli. Ushbu belgi bo‘lgan yerda orqaga burilish taqiqlanadi. Ammo inspektor jazo uchun asos yetarli emas deb hisobladi.


Quyidagi misolda, asosiy va qarama-qarshi tomondagi dublyor svetoforlarda signallar aniq ishlashi ko‘ringan. Inspektor bu fikrga qo‘shilmadi va qoidabuzarlikni rad etdi. Qizil chiroqqa o‘tib ketgan uch nafar haydovchi jazosiz qoldi.


Yo‘l harakati qoidalari va qoidabuzarliklar haqidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi nizomni erkin talqin qilish

Inspektorlarning qarorlariga qaraganda bir vaqtning o‘zida qoida buzish holati bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin. Quyidagi videolar bitta holatning ikkita ketma-ket fragmentlari.

Toshkent, Harbiy gospital hududidagi kichik avtomobil halqa yo‘li, qonunga bo‘ysunuvchi haydovchilar tirbandlikda turishibdi. Ammo ularning uddaburon birodarlari ajratish chizig‘i bo‘ylab tirbandlikni quvib o‘tishga qaror qilishdi. Birinchi qismda inspektorlar hammani aybdor deb hisoblashdi va BHMning yarmi miqdorida jarima to‘g‘risida qaror qabul qilishdi.


Shunga o‘xshash keyingi qismda esa qonunbuzarlar topilmadi.


Natijada, bir savol javobsiz qolmoqda — videoda tasvirlangan holat yo‘l harakati qoidalarining buzilishimi yoki yo‘qmi?

Videoyozuvlarni ko‘rib chiqayotgan inspektorlar qoidabuzarliklarni o‘ylab topilgan bahona bilan osonlikcha rad etishi va vaziyatni o‘z xohishiga ko‘ra talqin qilishi mumkin.

Quyidagi videodan ko‘rinib turibdiki, haydovchi svetoforga yaqinlashganda uning miltillovchi ruxsat belgisida o‘chib ketgan to‘xtash chizig‘ini old g‘ildiraklari bilan kesib o‘tganidan so‘ng to‘xtagan.

YHQning 15.2-bandida shunday deyilgan: oldindagi tirbandlik tufayli to‘xtashga majbur bo‘lgan haydovchi, agar bu transport vositalarining ko‘ndalang yo‘nalishda harakatlanishiga to‘sqinlik qilsa, qatnov qismining kesishishi yoki kesishmasiga kirmasligi kerak. Shunday qilib, haydovchi ushbu bandga rioya qilish maqsadida to‘xtadi.

Svetoforning taqiqlovchi belgisi to‘rt haydovchiga to‘sqinlik qilmadi, lekin inspektor «Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilgan holda, video taqdim eting» bahonasi bilan videodagi qoidabuzarlikni rad etdi. Odamning inspektorga savol bergisi keladi: videoni yuklagan haydovchi yo‘l harakati qoidalarining aynan qaysi bandini buzgan? Agar u yo‘l harakati qoidalarini buzgan bo‘lsa ham, bu qanday va qaysi asosda boshqa haydovchilarning qoidabuzarliklarini rad etishga sabab bo‘lishi mumkin?


Bu yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilashga mo‘ljallangan tizim har doim ham kerakli darajada ishlamasligiga ba’zi misollar xolos.

Birgina 2020 yilning o‘zida O‘zbekistonda 6982 YTH qayd etilgan, shundan 1689 tasi halokatli bo‘lib, ularda 1962 kishi vafot etgan.

Odamlarning bir qismi yo‘l harakati qoidalarini buzganda, boshqalari bunga ko‘z yumayotgan bir paytda mamlakatda eng asosiy tiyib turuvchi omillardan biri — jazoning muqarrarligi ishlamay qoladi.