Gaitida sodir bo‘lgan zilzila natijasida eng kamida 304 kishi vafot etdi, deya xabar berdi RIA Novosti. Mahalliy Fuqaro mudofaasi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yana yuzlab insonlar jarohatlangan va bedarak yo‘qolgan.

Gaiti qirg‘oqlarida 7,2 magnitudali zilzila shanba kuni ertalab sodir bo‘ldi. Yer osti silkinishlari o‘chog‘i kichik Peti-Tru-de-Nip aholi punkti shimolidan sakkiz kilometr masofada joylashgan. Keyinroq 5,2 magnitudagacha kuchdagi yangi silkinishlar takrorlandi.

Gaiti bosh vaziri Ariel Anri bir oy muddatga favqulodda holat e’lon qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

AQSh Geologiya xizmatining (USGS) aholi zichligi, binolarning zilzilaga bardoshligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tahlili hamda shu kabi falokatlar bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijalariga asoslanib xabar qilishicha, mamlakatning minglab fuqarolari hayotdan ko‘z yumgan bo‘lishi mumkin.