Oliy Majlis Qonunchilik palatasi cpikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotida 25 nafar tarbiyalanuvchilar zaharlangani haqidagi xabarga munosabat bildirdi.

Uning ta’kidlashiga ko‘ra, «kelajak shakllanadigan soha — ta’lim-tarbiyada kelajakka xiyonatchilar uchramoqda».

«Bolani sog‘lom, tarbiyali va bilimli bo‘lishini tashkil qilishdek mas’uliyat yuklangan inson bolalarni ozuqasini o‘g‘irlasa, sifatlisini «vijdonsizlarcha» o‘zi yeb, bolalarga qoldiqlarini yoki eskiroqlarini yedirib yuborsa. Bilim o‘rniga bolalar tafakkuriga «xatolar paketi» yoki «bo‘shliq»ni joylasa. Pulini olib, qulab tushadigan ko‘prikni loyihalaydigan muhandisga «a’lo»ni bosib bersa… bu toifa inson bu qadar mas’uliyatli joyda nima qilib yuribdi, degan savol tug‘ilishidek tabiiy nima bor?», — deydi deputat.

Alisher Qodirov Jinoyat kodeksiga «Kelajakka xiyonat» bobini kiritishni va ushbu bobda bolalar bog‘chasi, maktab va oliygohlarda «vazifasiga xiyonat qilayotganlar, bolalarning xaqqi va vaqtini o‘g‘rilayotganlarga» nisbatan choralar belgilanishini taklif qildi.

«Takror aytaman, bu sohada qahramonlar ishlashi kerak. Va ularning maoshlari ham, mehnat sharoitlari ham eng yuqori darajada bo‘lishi shart», deydi deputat.