Koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi 2021 yil yanvaridan iyulgacha Germaniyada COVID-19 dan minglab o‘limlarning oldini oldi. Bu Robert Kox instituti (RKI) tomonidan e’lon qilingan matematik modellashtirish natijalariga ko‘ra ma’lum bo‘lmoqda, deb yozadi Deutsche Welle.

Tahlil qilish uchun mutaxassislar epidemiologik vaziyat rivojlanishining turli ssenariylarini modellashtirishgan: emlash kampaniyasi bilan birga va u bilan bo‘lmagan holatda.

RKI ma’lumotlariga ko‘ra, dorilarsiz profilaktika choralari va vaksinatsiya 706 ming infeksiya yuqishi holatining oldini olishga, kasalxonalardagi bemorlar sonini 76,6 mingga kamaytirishga yordam bergan (ular orasida 19,6 mingga yaqin reanimatsiyaga muhtoj bemorlar ham bor). 38,3 mingdan ortiq COVID-19 o‘limining oldi olingan.

Jons Xopkins universiteti (AQSh) ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri Germaniyada 3,8 million COVID-19 ga chalinish holatlari qayd etilgan, deyarli 92 ming kishi vafot etgan. Mamlakat aholisining deyarli 55 foizi to‘liq emlangan.