«Tolibon» harakati vakillari Afg‘oniston shimolidagi ma’muriy markazi, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan shahar Qunduzni egalladi. Mahalliy hukumat vakilining BBCga ma’lum qilishicha, aeroportdan tashqari shaharning barcha hududlari «Tolibon» nazorati ostida.

Xabarlarga ko‘ra, shaharda yong‘inlar boshlangan, Qunduz markazida «Tolibon» bayrog‘i ko‘tarilgan. Reuters halok bo‘lganlar orasida tinch aholi qurbonlari, ayollar va bolalar borligi haqida xabar bermoqda.

Afg‘onistonning shimoliy provinsiyalari va Markaziy Osiyoning darvozasi bo‘lgan hamda 270 ming aholiga ega bu shaharda og‘ir janglar olib borilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Qunduz so‘nggi kunlarda toliblarga taslim bo‘lgan Afg‘onistonning uchinchi provinsiya poytaxti va ularning hozirgacha erishgan eng yirik g‘alabasi bo‘ldi.

Quyidagi Afg‘oniston xaritasi 6 avgust holatini aks ettiradi, lekin mamlakatdagi vaziyat tez o‘zgarib bormoqda, deya qayd etdi BBC.

Foto: BBC

So‘nggi haftalarda «Tolibon» Afg‘onistonning ko‘p tumanlarini o‘z nazoratiga oldi va endilikda yirik shaharlar hamda provinsiya ma’muriy markazlarini egallab olishga urinmoqda.

Juma kuni toliblar Afg‘onistonning janubi-g‘arbidagi Nimroz provinsyaisining poytaxti Zaranjni egallashgan. Birozdan so‘ng esa Djauzjan provinsiyasnining shimoliy shahri bo‘lgan Shibarganni egallashgani ma’lum bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarni chiqarishni boshladi, iyun oyi boshida mamlakatdan g‘arb harbiy kontingentining uchdan bir qismi chiqib ketdi. RIA Novostining yozishicha, shundan so‘ng «Tolibon» Afg‘oniston hukumati pozitsiyalariga hujum qilishni boshladi.

8 iyul kuni Moskvada Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili va «Tolibon» harakati delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar bergan edik. Unda «Tolibon» Markaziy Osiyo davlatlari chegarasi buzilmasligiga, Afg‘oniston hududida xorij davlatlarining diplomatik va konsullik vakolatxonalari xavfsizligi bo‘yicha kafolat bergan.

Bundan tashqari, harakat vakillari mamlakatdagi barcha etnik guruhlarning manfaatlarini inobatga olgan holda, muzokaralar orqali mamlakatda barqaror tinchlikka erishishdan, shuningdek, inson huquqlarini, shu jumladan ayollarni Islom me’yorlari va afg‘on urf-odatlari doirasida hurmat qilishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Amerika prezidenti Jo Bayden AQSh «Al-Qoida» rahbarini yo‘qotib, mamlakatdagi o‘z maqsadlariga erishganligini ta’kidlagandi. «Afg‘onistonning keyingi taqdirini hal qilish — faqat afg‘on xalqining huquqi va mas’uliyati», — degan edi u.