Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Nodir Abduvaliyev «Obod mahalla» dasturini amalga oshirishda aholining noroziligini keltirib chiqarayotgan muammolar to‘g‘risidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Parlamentariy Aktualno.uz e’lon qilgan «Bordyur o‘yinlari yoxud ba’zi mahallalarda obodonchilik ishlari qanday bormoqda?» maqolasiga e’tibor qaratdi.

3 avgust kuni e’lon qilingan maqolada qayd etilishicha, bu jarayonda ko‘pqavatli uylar hovlisidagi kichik daraxtzorlar, gulzorlar, o‘yin maydonchalariga ziyon yetdi, kommunikatsiya lyuklari qum, shag‘al bilan to‘ldi. Aholi, chang-to‘zon va shovqindan aziyat chekdi. «Ayrim mahallalarda obodonlashtirish nomi ostida ikki oy muqaddam ishlar boshlangan va ularning qachon tugashini hech kim bilmaydi», — deyiladi maqolada.

Foto: Aktualno.uz.

«Ishchilar mahalladan mahallaga ko‘chib yuribdi, pudratchilarning almashishi esa har bir brigadaning avvalgisining qilgan ishlarini qayta qilish yoki boshidan qazish, buzish, qurilish chiqindilarini olib chiqishlariga olib kelmoqda. Ayniqsa bu bordyurlarga taalluqli», — deb yozadi nashr Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor va Chilonzor tumanlari aholisidan kelib tushgan shikoyatlarga asoslanib.

Deputatning qayd etishicha, odamlar bekorga norozi bo‘layotgani yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, «quruvchilar „qo‘li tekkandan“ keyin ayrim joylar bor fazu tarovatidan ham mahrum bo‘lmoqda». Bunday holatlar kamchilik emas, ishga mas’uliyatsizlik bilan yondashish, no‘noqlikdir, deb hisoblaydi u.

«Odamlar tilga olayotgan salbiy holatlar mahalliy ijro hokimiyati organlari o‘rtasida o‘zaro muloqot, ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha tizimning yo‘qligini ko‘rsatadi», — deya ta’kidladi parlamentariy.

«Oqibat» mahallasidagi betonlashtirilgan bolalar maydonchasi. Bunga qadar bu yerda yashil maysazor bo‘lgan. Foto: «Gazeta.uz».

«Shuningdek, ijro organlariga aholi bilan bamaslahat ish tutishga nima xalaqit beradi? Axir, mahallalardagi ayrim maskanlarni odamlarning o‘zlari maslahatlashib, pul yig‘ib ta’mirlagan, bunyod etgan. Buni hisobga olish zarur. Tumanlardagiidoralar tegishli rejalar, chizmalardan xalqni xabardor qilsa, odamlarning takliflari, xohish-istaklarini inobatga olsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi», — deya qo‘shimcha qildi deputat.

May oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev «Obod mahalla» va «Obod qishloq» dasturlarini amalga oshirishdagi kamchiliklarni tanqid qilib, hamma soha va hududlarda ham ishlar sifatli amalga oshirilmayotganini qayd etgan edi.

Iyun oyi boshida «Gazeta.uz» Toshkentdagi «shafqatsiz» obodonlashtirish ishlari haqidagi katta maqolani e’lon qilgan (maqola rus tilida) edi. Unda maysazorlarning yo‘q qilinishi, bolalar maydonchalarining betonlashtilishi va butun shahar bo‘ylab bir xildagi bordyurlar o‘ylanmasdan o‘rnatilayotgani haqida so‘z boradi. Aholi iltimoslariga qaramasdan, hokimiyatlar ularning istaklarini inkor qilgan holda ishlarni davom ettirmoqda.