Venesuela milliy valyutani qayta denominatsiya qilib, raqamli bolivarni joriy qiladi

Venesuela Markaziy banki giperinflyatsiya fonida milliy valyutani denominatsiya qilishga va uning raqamli muqobilini joriy etishga qaror qildi. Ma’lum bo‘lishicha, milliy valyutadan oltita nolni olib tashlash rejalashtirilmoqda. Raqamli bolivarning joriy etilishi valyuta qiymatiga ta’sir qilmaydi — uning narxi o‘zgarmaydi, valyutadan foydalanishni osonlashtirish uchun esa yangi o‘lchov joriy etilmoqda, deya izoh berdi mamlakat banki. Raqamli valyuta joriy qilinganidan so‘ng, Markaziy bank jismoniy bolivar bosishni ham davom ettiradi.

Bolivar denominatsiyasi oxirgi uch yil ichida ikkinchi marta o‘tkaziladi — 2018 yil avgust oyida milliy valyutadan beshta nol olib tashlashgan edi. «Suveren bolivar» kursi davlat kripto valyutasi Petro bilan bog‘langan edi: bir Petro bir barrel neft narxiga teng bo‘lgan.

2018 yilda, Markaziy bankning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuelada inflyatsiya darajasi 130 060 foizdan oshgan edi. Milliy Assambleyaga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1 698 000 foizni tashkil etgan. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi mamlakatda inflyatsiya darajasi 1 370 000 foizga yetgani haqida ma’lumot bergan. — Spot.uz


AQSh Braziliyaga NATOning global hamkori bo‘lishni taklif qilmoqda

AQSh hukumati Braziliyaga NATOning global hamkori maqomini olishda yordam berishni taklif qildi. Bu haqda TASS «Folha de S.Paulo»ga tayanib xabar berdi. Ushbu taklif 5 avgust kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan va Braziliya mudofaa vaziri Valter Souza Braga Netto o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qilingan. Aytilishicha, Vashingtonning bunday qo‘llab-quvvatlash shartlaridan biri Xitoy telekommunikatsiya kompaniyalarining Braziliyadagi beshinchi avlod (5G) milliy mobil tarmoqlariga kirishini taqiqlashdir.

Braziliyaning NATOning global hamkori maqomiga ega bo‘lishi mamlakat harbiylariga ittifoq mamlakatlaridan qurol-yarog‘larni yanada qulay shartlarda sotib olish va armiya shaxsiy tarkibini o‘qitish dasturlarida qatnashish imkonini beradi. Bundan tashqari, bunday maqomga ega bo‘lgan davlatlar, harbiy mojaro yuzaga kelgan taqdirda, NATO tarafidan qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda harbiy ittifoqning global sheriklik a’zolari Avstraliya, Afg‘oniston, Iroq, Kolumbiya, Mo‘g‘uliston, Yangi Zelandiya, Pokiston, Koreya Respublikasi va Yaponiya hisoblanadi.


Suv toshqinlari KXDR sharqidagi mingdan ziyod uylarga zarar yetkazdi

KXDRning sharqiy qirg‘og‘ida kuchli yomg‘irlar toshqinlarga olib keldi. Natijada 1,1 mingta uy zarar ko‘rdi, mingga yaqin kishi evakuatsiya qilindi. Suv oqimi ko‘priklar va to‘g‘onlarni, Xamgyon-Pukto va Xamgyon-Namdo provinsiyalaridagi yo‘llarni va ekinlarni yo‘q qildi. Xususan, 1−6 avgust kunlari Xamgyon-Puktoda 500 mm yog‘ingarchilik yog‘di. KXDR Davlat gidrometeorologiya boshqarmasi avgust oyida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi kutilayotganini, bu esa bundan ham katta iqtisodiy zararga olib kelishi mumkinligini ma’lum qildi. — TASS (Reuters).

Avvalroq, Shimoliy Koreyada oziq-ovqat tanqisligi kuzatilayotgani, aholiga armiya zaxirasidan guruch tarqatilishi boshlangani haqida xabar bergan edik.


Alyaskada turistik samolyotning qulashi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi

Alyaskada sayyohlar uchun uyushtirilgan ekskursiya paytida samolyot qulab tushdi. Oqibatda bortdagi olti kishi halok bo‘ldi. Samolyot Misti-Fords milliy yodgorligi hududiga qulagan, uning cho‘kib ketgan qoldiqlari Ketchikan shahri yaqinida topildi. Qoldiqlarni o‘rgangan g‘avvoslar uchuvchi va besh nafar yo‘lovchining vafot etganini tasdiqladilar. Halokat yuzasidan tergov ishlari boshlandi. — Interfaks (Associated Press).


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi yangiliklar

  • «Tolibon» harakati Afg‘oniston janubi-g‘arbidagi Nimruz provinsiyasi markazi Zaranj shahrini qo‘lga kiritganini e’lon qildi. «Bugun (juma) tushdan keyin viloyat gubernatorining qarorgohi, politsiya bosh qarorgohi va Zaranjdagi boshqa ko‘plab inshootlar mujohidlar qo‘liga o‘tdi. Qolgan joylar tozalanmoqda», — dedi harakat matbuot kotibi Qori Yusuf Ahmadiy. Aytilishicha, viloyat qamoqxonasidagi o‘nlab mahbuslar undan qochib ketgan. Mamlakat rasmiy idoralari tomonidan bunga izoh berilmadi. Agar Zaranj shahrining toliblarga o‘tganligi tasdiqlansa, bu harakat nazoratiga o‘tgan birinchi viloyat markazi bo‘ladi.
  • Toliblar Afg‘oniston shimolidagi Juzjon viloyatining ma’muriy markazi Shibergan shahriga hujum qilgan. Ta’kidlanshicha, Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari hujumni qaytargan. Ular 40 ga yaqin jangarini yo‘q qilgan, 15 nafarini Shibergan chetida qo‘lga olishdi. Shuningdek, toliblar mamlakat sobiq vitse-prezidenti, marshal Abdul Rashid Do‘stumning uyini yoqib yuborgani aytilmoqda.
  • Afg‘oniston hukumati matbuot kotibi va prezident sobiq matbuot kotibi Dava Xon Minapal juma kuni Kobulda o‘ldirilgan. Xabarga ko‘ra, «Tolibon» Minapalga hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.

Shuningdek:

  • Moldova parlamenti Natalya Gavrilitsa boshchiligidagi yangi hukumatni tasdiqladi.
  • 6 avgust kuni kuni Livandan Isroilning shimoliy hududlariga 19 ta raketa uchirildi, ulardan o‘ntasi ushlab qolindi, uchtasi chegaradan o‘ta olmadi. Qolgan oltita raketa aholi yashamaydigan hududda portladi. Qurbonlar va binolarning shikastlanishi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. «Hizbulloh» partiyasidan qurollangan militsiya ushbu hujumga javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu operatsiya 5 avgust kuni Livandagi Jermuk va Ash-Shavakir hududlariga Isroil havo kuchlari tomonidan berilgan зарбалариga javoban qilinganligi aytilmoqda.
  • Litva chegarachilari bir hafta ichida Belarusga 700 ga yaqin noqonuniy muhojirlarni qaytarib yuborishdi.
  • Parijda «sanitariya ruxsatnomalariga» qarshi norozilik namoyishlari boshlandi. Avvalroq, Fransiya Konstitutsiyaviy kengashi «sanitariya ruxsatnomalari»ni qo‘llash sohasini kengaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullagan edi.
  • All World Cards, taxminlarga ko‘ra, rossiyalik xakerlar guruhi AQSh va boshqa mamlakatlar fuqarolarining bir mln bank kartalari haqidagi ma’lumotlarni darknetda (internatdagi yashirin tarmoqlar) joylashtirgan.
  • Turkiya prezidenti Toyyip Erdog‘an mamlakatdagi 196 ta o‘rmon yong‘inlari o‘chirilgani, 12 tasi qolgani haqida ma’lum qildi. Yong‘in o‘chirish ishlari 6 ta viloyatda — Antaliya, Mug‘la, Isparta, Adana, Aydin va Denizlida davom etmoqda. Yong‘inlar natijasida bugunga qadar 8 kishi halok bo‘ldi, 770 ga yaqin kishi jarohatlangan.