«Adolat» SDP 2021 yilgi prezidentlik saylovlariga partiya rahbari Bahrom Abduhalimovni nomzod sifatida ko‘rsatmoqchi ekanligini e’lon qildi. Bu haqda partiya markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Bahrom Abduxalimov 1959 yil 27 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1981 yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) tamomlagan. FA Sharqshunoslik institutida kichik, o‘rta, katta ilmiy xodimi, bo‘lim mudiri, olim kotib, fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari va direktori lavozimlarida ishlagan. O‘zbekiston prezidenti Davlat maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan. 60 dan ziyod ilmiy asarlar, shu jumladan, 2 ta monografiya muallifi. Bitta doktorlik, uchta fan nomzodlarini tayyorlagan.

2020 yilga qadar Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti bo‘lgan.

Endilikda uning nomzodi partiya qurultoyida tasdiqlanishi kerak.

Ma’lumot uchun, Saylov kodeksining 64-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyaning rahbari O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olish uchun Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etishi kerak.

Siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarida O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosi bo‘lishi kerak. Bunda siyosiy partiya bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) imzolar umumiy sonining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin.