2 avgust kuni Turkmanboshi shahriga O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi tashrif buyurdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirliligi.

Uchrashuv chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

«Tomonlar ko‘p qirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun ustuvor vazifalarni belgilab, o‘zaro savdoni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaxshilash, shu jumladan, mavjud tarif va notarif to‘siqlarni izchil bekor qilish hamda ikki mamlakat bozorlariga O‘zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqilgan tovarlarning kirishini soddalashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni birga boshlashga kelishib oldilar», — deyiladi xabarda.

Mazkur chora-tadbirlar yaqin kelajakda O‘zbekiston — Turkmaniston savdo aylanmasi hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish imkonini berishi bashorat qilinmoqda.

Shuningdek, xabarga ko‘ra uchrashuv doirasida O‘zbekiston — Turkmaniston chegarasida transchegaraviy savdo zonalarini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.

«Bu ikki tomonlama savdo rivojiga qo‘shimcha turtki beradi, jumladan, qishloq xo‘jaligi va maishiy texnika, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, shuningdek neft-kimyo mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni oshiradi», deya qayd etdi ITSV matbuot xizmati.

Tashrif chog‘ida Turkmanistonda 5−6 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 3-Maslahat uchrashuvi va Markaziy Osiyo mamlakatlari Iqtisodiy forumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.