3 avgust kuni bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev kelgusi haftada biznes vakillari bilan «ochiq muloqot» o‘tkazishini ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Kim tizimdagi muammolarni biladi? Boshidan o‘tkazgan biladi. Bank nima qilayapti, soliq nima qilayapti… Men ularni taklifini tinglashni xohlayman. Ular nimani xohlayapti, ularni faoliyatiga nima to‘sqinlik qilayapti? Shu savollarga javob topsak, ularni hal qilsak, ana shundagina odamlarni rozi qila olamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi kunga qadar respublika Shtabiga tadbirkorlardan 10 mingdan ortiq taklif va mulohazalar kelib tushdi:

  • Toshkent shahridan — 1150 ta
  • Toshkent viloyati — 950 ta
  • Qashqadaryo — 930 ta
  • Surxondaryo — 920 ta
  • Samarqand — 900 ta
  • Andijon — 880 ta
  • Namangan — 850 ta
  • Farg‘ona — 820 ta
  • Buxoro — 740 ta
  • Xorazm — 680 ta
  • Jizzax — 560 ta
  • Sirdaryo — 470 ta
  • Navoiy — 345 ta
  • Qoraqalpog‘istondan — 420 ta

Ularda ko‘tarilgan masalalarning 8 mingdan ortig‘i yoki 86 foizi shaxsiy masalalarga oid bo‘lib (kredit va subsiyadiya ajratish, bo‘sh binolarni ijaraga olish, infratuzilmaga ulanish, soliq qarzdorligi, xususiy mulk himoyasi), hozirgi kungacha ularning yarmi joylarda hal etildi.

Qoraqalpog‘iston — 41 foiz, Andijon — 32 foiz, Buxoroda — 36 foiz, Jizzaxda — 36 foiz, Qashqadaryo — 34 foiz, Navoiy — 33 foiz, Namangan — 33 foiz, Samarqand — 32 foiz, Surxondaryo — 41 foiz, Sirdaryo — 37 foiz, Toshkent — 32 foiz, Farg‘ona — 39 foiz, Xorazm — 35 foiz va Toshkent shahrida — 21 foiz murojaatlar hal qilingan.

«Shunday bo‘lsada, «Koll markazlar»ga kuniga 1 mingtagacha murojaat kelib tushmoqda. Shu sababli, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar bo‘yicha qamrovni yanada kengaytirish maqsadida, murojaatlarni qabul qilish 10 avgustga qadar davom etadi», — dedi prezident.

Shuningdek, 31 ta vazirlik va idora rahbarlari o‘rinbosarlari hokimlar bilan birga, murojaatlarni tezkorlik bilan hal etishga shaxsan mas’ul bo‘lishi ta’kidlandi.

«Hech bir murojaat o‘z holiga tashlab qo‘yilmasligi, Bosh vazir virtual qabulxonasida elektron ro‘yxatga olinishi va nazorat qilinishi kerak», — dedi davlat rahbari.

Avvalroq, davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov murojaat ko‘pligi bois ularni qabul qilish muddati 5 avgustgacha uzaytirilishini ma’lum qilgan edi.