Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining o‘n birinchi kunida 6 nafar sportchi Olimpiada bellashuvlarida O‘zbekiston sharafini himoya qildi.

Yengil atletika. Ruslan Kurbanov yengil atletikaning uch hatlab sakrash yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Ammo Kurbanov berilgan imkoniyatlardan unumli foydalana olmadi va musobaqani natijasiz yakunladi.

Boks. Boks bo‘yicha Rio-2016 chempioni, o‘zbekistonlik Shahobiddin Zoirov Tokio-2020 Olimpiadasidagi yurishini chorak finalda to‘xtatdi. U yarim final ostonasida filippinlik Karlo Palamga qarshi ringga ko‘tarildi. Ikkinchi raund o‘tib borayotgan bir vaqtda shifokorlar Zoirovning jarohati sabab bellashuvni davom ettirishga ruxsat berishmadi.

Shahobiddin Zoirov (qizil kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

Bu vaziyatda qoidaga ko‘ra o‘sha paytgacha olingan ochkolar hisob-kitob qilinadi. Ammo bu borada ustunlik filippinlik bokschi tomonida bo‘ldi.

Yana bir o‘zbekistonlik bokschi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarini tark etdi. Elnur Abduraimov yarim final uchun kechgan bellashuvda armanistonlik bokschiga qarshi ringga ko‘tarildi.

Elnur Abduraimov (ko‘k kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

-63 kg vazn toifasidagi Abduraimovning chorak finaldagi raqibi Xovxannes Bachkov bo‘ldi. Ammo Abduraimov mazkur bahsda raqibiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va shu nuqtada Olimpiada bilan xayrlashdi.

Yana bir o‘zbekistonlik bokschi Rayhona Qodirova chorak final bosqichida amaldagi jahon chempioniga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Rayhona Qodirova (ko‘k kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

-60 kg vazn toifasida bahs olib borgan Qodirova braziliyalik Beatriz Ferreyraga qarshi ringga ko‘tarildi. Ferreyra yakunda o‘z g‘alabasini tantana qilib, yarim finalga yo‘l oldi.

Yunon-rum kurashi. Rustam Assakalov Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarini g‘alaba bilan boshladi. -87 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Assakalovga gruziyalik kurashchi raqiblik qildi.

Rustam Assakalov (qizil kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

2019 yil -82 kg vazn toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Lasha Gobadzega qarshi kechgan bellashuvda Assakalov hisobda orqada qolayotganiga qaramay, o‘zida iroda namoyish eta oldi va yakunda g‘alabani ilib ketdi.

Rustam Assakalov chorak final bahsida xorvatiyalik Ivan Xuklekka qarshi bahs olib bordi.

Murosasiz kechgan kurashda xorvatiyalik kurashchi 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi. Endi Xuklek finalga yetib borgan taqdirda, Assakalov bronza medali uchun kurashish imkonini saqlab qoladi.

Og‘ir atletika. O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev 109 kg vazn toifasida 1-o‘rinni egallab, oltin medali sohibi bo‘ldi.

Akbar Jo‘rayev. Foto: MOQ axborot xizmati

Dast ko‘tarish mashqida 193 kg ko‘targan Jo‘rayev, siltab ko‘tarish dasturida 237 kg ko‘tardi. Ikkala mashq natijasida uning ko‘rsatkichi 430 kg bo‘ldi. U siltab ko‘tarish va umumiy ko‘rsatkich bo‘yicha Olimpiada rekordini o‘rnatdi.

Bu O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining uchinchi medali bo‘ldi.

Xabar e’lon qilingan vaqtda O‘zbekiston ikkita oltin va bitta bronza medali bilan turnir jadvalining 28-pog‘onasini egallab turibdi.