«Jenoa» hujumchisi Eldor Shomurodov «Roma» jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda klubning rasmiy sayti xabar bermoqda.


26 yoshli O‘zbekiston futbolchisi «Roma» bilan 2026 yil iyun oyining oxirigacha, besh yillik shartnoma imzoladi. Eldor Shomurodov klubda 14 raqam ostida harakat qiladi. Shartnomaga asosan, «Jenoa» klubi o‘yinchining keyingi transferlaridan ulushga davogarlik qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Shomurodov «Jenoa» klubiga 2020 yilda «Rostov»dan o‘tgan edi. O‘shanda hujumchining transfer narxi 7,5 mln yevroni tashkil qilgan. Eldorning Genuya klubi bilan shartnomasi 2024 yil yoziga qadar mo‘ljallangan edi.

Italiya A seriyasining 2020−2021 yilgi mavsumida Shomurodov 31 ta o‘yinda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 1 ta golli uzatma berdi. Transfermarkt internet-portali Shomurodovni 7 mln yevroga baholagan.


««Roma»ga o‘tish — kareramda oldinga katta qadam tashlashni anglatadi. Men bu imkoniyatga loyiqligimni isbotlash va dunyodagi eng yirik klublardan birida nimaga qodirligimni namoyish qilish uchun qo‘limdan kelganini qilaman. Ushbu kelishuv bu darajada tezlik bilan amalga oshishi mening murabbiy va yangi jamoadoshlarimga qo‘shilish va iloji boricha tezroq ishga kirishishga bo‘lgan istagimdan dalolat», — dedi Shomurodov.

Ma’lumot uchun, rimliklarning bosh murabbiyi hozir portugaliyalik mutaxassis Joze Moruino hisoblanadi.