Hukumatning 28 iyuldagi «Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan avtotransportlar oynalarining tusini o‘zgartirishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ko‘rsatiladi.

Qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga ko‘ra, avtotransportlar oynalari qoraytirish ishlari avtotransport vositasi egasi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

Avtotransport orqa oynasining tusini yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish), shuningdek, old oynasining tepa qismi tusini 14 sm dan ko‘p bo‘lmagan polosa shaklida yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Ruxsatnoma 1 yil muddatga beriladi.

Ariza beruvchi tomonidan ruxsatnoma uchun to‘lov 10 kun muddatda amalga oshiriladi.

Ruxsatnoma avval berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatigacha qayta rasmiylashtiriladi.

YAIDXP orqali ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun to‘lov undirilmaydi.

Avvalroq, mazkur tartibni 1 apreldan joriy etish reja qilinayotgani haqida yozgan edik.