27 iyul kuni Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) shu yilning o‘tgan olti oyidagi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ombudsman Feruza Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, 6 oy ichida O‘zbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolari, ombudsmanlar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va boshqalardan jami 9 632 ta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32,3 foizga (6484 ta) ko‘p.

Shundan 723 tasi shaxsiy qabullarda, 83 tasi sayyor qabullarda, 3812 tasi pochta va telegraf, 1580 tasi ishonch telefoni, 303 tasi jazoni ijro etish muassasalaridagi ombudsmanga murojaat qutilari, 83 tasi prezidentning virtual qabulxonasi va yana 1494 tasi internet orqali kelib tushgan. Qolgan 1554 ta murojaat anonim va mazmunan takroriylardan iboratligi aytildi.

«Murojaatlarning 40 foizga yaqini fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklariga tegishli. 30,4 foizga yaqini ijtimoiy huquqlarga, 24 foizi iqtisodiy huquqlarga, 5 foizga yaqini siyosiy huquqlarga va 1 foizga yaqini ekologik huquqlarga tegishli bo‘lgan murojaatlardir», — dedi u.

Bugungi kunda nazoratga olingan murojaatlarning 30 foizga yaqini o‘z yechimini topayotgani ma’lum qilindi.

«Sizda „nima uchun atiga 30 foizi?“, degan savol tug‘ilishi mumkin. Aytishimiz kerakki, ombudsman vakolatiga tegishli bo‘lgan va nazoratga olingan murojaatlarning 30 foizi ijobiy hal bo‘lgan. Agar eng rivojlangan demokratik mamlakatlarning ombudsmani faoliyati va murojaatlar bilan ishlashi samaradorligiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, eng yaxshi natija 22 foizdan 30 foizgacha ekanligini ko‘rishimiz mumkin», — dedi Ombudsman.


Bundan tashqari, murojaatlarning ko‘rib chiqilishi natijasida 13 ta jinoiy, 4 ta ma’muriy va 8 ta intizomiy ish qo‘zg‘atilgan. Mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 23 ta tekshiruv o‘tkazilib, 16 nafar davlat idoralari xodimlari turli darajadagi javobgarliklarga tortildi.

Sud qarorlariga nisbatan prokuratura organlari orqali 2 ta protest kiritildi hamda murojaat qiluvchilar manfaatlarini ko‘zlab jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 26 ta qaror bekor qilindi.

Ta’kidlanishicha, sudlarga fuqarolarning 107,4 mln so‘m mehnat haqini undirishga qaratilgan 8 ta da’vo arizasi kiritilib, 24 nafar fuqaroga 345,8 mln so‘mlik mehnat haqi to‘lanishi ta’minlangan.

10 dan ortiq fuqaro ishga tiklandi, 2 nafar fuqaro ish joyida mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun 4,4 mln so‘mlik sog‘ligiga yetkazilgan zarar undirildi.

Yig‘ilishda shuningdek, fuqarolarga 108 mln so‘mlik kreditlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashilgani, murojat etuvchilar foydasiga sud qarorlarida belgilangan 164,8 mln so‘mlik zarar undirilgani aytildi.

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi («snos») munosabati bilan 9 ta fuqaroga uy-joy ajratilishida yordam berilgan. Tadbirkorlarga 135 mln so‘mlik ortiqcha to‘langan soliqni qaytarishda ko‘mak ko‘rsatilgan.