Afg‘oniston IIV 31 provinsiyasida komendantlik soati e’lon qildi

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi mamlakatning 34 provinsiyasidan 31tasida komendantlik soati e’lon qildi. Bu toliblar harakatining oldini olish maqsadida qilingan, deya xabar bermoqda Interfaks Ariana News’ga tayanib. «Cheklovlar soat 22:00da boshlanib, soat 4:00da tugaydi», deyiladi xabarda. Ta’kidlanishicha, Qobul, Nangarhor va Panjshir provinsiyalari ushbu cheklovlardan ozod qilingan.

Afg‘oniston Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan kun davomida Lag‘mon, Nangarhor, Nuriston, Kunar, G‘azni, Paktiya, Qandahor, Hirot, Balx, Jauzjon, Gilmand, Qunduz va Kapisa viloyatlarida faol harbiy harakatlar sodir bo‘lgan. So‘nggi 24 soat ichida Afg‘oniston hukumat kuchlari 262 nafar «Tolibon» jangarisini yo‘q qildi.

Shuningdek:

  • So‘nggi bir necha kun ichida AQSh Afg‘onistonda Tolibon jangarilariga qarshi kamida 4 ta havo hujumini uyushtirdi.
  • AQSh prezidenti Jo Bayden Amerika qo‘shinlariga turli xil yordam ko‘rsatgan ushbu mamlakat fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish uchun 100 mln dollargacha mablag‘ ajratishga ruxsat berdi.
  • Jo Bayden Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan telefon orqali suhbatda afg‘on xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini ta’kidlab, shu maqsadda 2022 moliyaviy yilda 3,3 mlrd dollar sarflanishi kutilayoganini ma’lum qildi. Ulardan: Afg‘oniston havo kuchlarini ta’minlash uchun 1 mlrd dollar, afg‘on kuchlarini yoqilg‘i, o‘q-dorilar va ehtiyot qismlar bilan ta’minlash uchun 1 mlrd dollar, afg‘on askarlariga ish haqini to‘lash uchun 700 mln dollar. Prezident, shuningdek, Davlat departamenti va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi orqali Afg‘onistonga rivojlanish va boshqa gumanitar bo‘lmagan yordam uchun Kongressdan qo‘shimcha 364 mln dollar so‘radi.

Namoyishlar

Avstraliyada karantin cheklovlariga qarshi namoyishlar

Foto: EPA/Vostock-photo

Qariyb uch yarim ming kishi markaziy Sidney ko‘chalariga chiqib, hukumat tomonidan koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan cheklov choralariga norozilik bildirishdi. Politsiya bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Namoyishchilar politsiyaga qarata ko‘cha gullari solingan idishlar va plastik butilkalarni otishgan. Miting natijasida qoidabuzarliklar to‘g‘risida 90 dan ortiq bayonnomalar tuzildi, 57 kishi hibsga olindi. — ABC.

Fransiyada sanitariya ruxsatnomalarga qarshi namoyishlar


Parijdagi Trokadero maydonida sanitariya ruxsatnomalari joriy qilinishiga qarshi yangi ommaviy aksiya bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar bermoqda RIA Novosti. Aksariyat namoyishchilarning qo‘llarida Fransiya bayroqlari va «Ozodlik» yozuvi aks etgan plakatlar mavjud. Ta’kidlanishicha, miting Vatanparvarlar partiyasi rahbari Florian Filipponing da’vati bilan uyushtirilgan.


Almazbek Atambayev tartibsizliklar uyushtirishda ayblanmoqda

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga 2020 yil 9 oktyabrda Bishkek markazida tartibsizliklar uyushtirish bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Bu haqda Interfaks uning advokati Zamir Jooshevga tayanib xabar bermoqda. Ayblovda aytilishicha, «Atambayev o‘zining jinoiy rejasini amalga oshirish uchun Omurbek Babanov (Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri), Farid Niyozov (Atambayevning sobiq maslahatchisi) va boshqa shaxslar hokimiyatni qo‘lga kiritish maqsadida oldindan fitna uyushtirgan». Advokat Qirg‘iziston IIVning Tergov bosh boshqarmasiga Qirg‘iziston sobiq prezidenti Sooronbay Jeyenbekovning 9 oktyabrdagi tartibsizliklarga aloqasi borligini aytgan Omurbek Babanov va Omurbek Tekebayevni (parlamentning sobiq deputati) so‘roq qilish to‘g‘risida iltimosnoma yuborganini qo‘shimcha qildi.

2020 yil 5 oktyabr kuni saylov natijalaridan norozi bo‘lgan bir necha ming kishi Bishkek ko‘chalariga norozilik namoyishlariga chiqkan edi. Namoyishchilar Oq uyni (parlament va prezident ma’muriyati joylashgan), shahar hokimligi va hukumat binosini egallab olishdi. Shuningdek, ular mamlakatning sobiq rahbari Almazbek Atambayevni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasidan ozod qilishdi. 9 oktyabr kuni esa Bishkekda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi.


Britaniyalik shifokorlar koronavirusning yangi mutatsiyasini aniqladilar

Britaniya jamoat sog‘lig‘ini saqlash agentligi (PHE) shifokorlari kamida 16 nafar Buyuk Britaniya aholisida koronavirusning yangi shtammini (V.1.621) aniqladilar. Shuningdek, ushbu mutatsiya AQSh, Janubiy Amerika va Yevropaning boshqa davlatlarida ham qayd etilgan. Olimlarning ta’kidlashicha, yangi variant boshqa shtammlarga nisbatan odamlarda jiddiyroq reaksiyaga olib kelishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q. «Mavjud bo‘lgan koronavirusga qarshi emlashlar ushbu yangi turga qarshi samarali deb hisoblanmoqda», deyiladi xabarda. PHE mutaxassislari koronavirusning yangi variantini o‘rganmoqdalar. Infeksiya tarqalishini cheklash uchun olimlar aholi o‘rtasida test sinovlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqdalar. — Daily Express.


Isroil harbiylari bilan to‘qnashuvda 146 nafar falastinlik jarohatlandi

Falastin Qizil Xoch tashkilotining xabar berishicha, mahalliy aholi «rezina va oddiy o‘qlar, shuningdek ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan jarohatlangan». Isroil armiyasi vakillari, o‘z navbatida, «yuzlab falastinliklar askarlarga tosh otishgan, ularga javoban tartibsizliklarni tarqatish uchun masus vositalar qo‘llanilgan"ini ma’lum qildi. Aytilishicha, ikki nafar harbiy xizmatchi yengil jarohat olgan.

Yuzlab falastinliklar Bayt qishlog‘ida to‘planib, yaqin atrofda Isroil aholi punkti qurilishiga norozilik bildirishgan. — The Palestine Chronicle.


Shuningdek:

  • Tojik-qirg‘iz chegarasidagi Isfara shahri hududida otishma sodir bo‘ldi. Tojik aholisi huddudagi «Qummazor» davolash maskanida hashar o‘tkazmoqchi bo‘lganlarida, o‘zaro to‘qnashuv yuzaga kelgan. Bunga sabab esa «qirg‘iz tomonining roziligisiz hududni qumlardan tozalashni boshlashgan»ni ekanligi aytilmoqda. Har ikki tomondan otishma 10 daqiqa davom etgan.
  • Hindistondagi toshqinlarda vafot etganlar soni 110 nafarga yetdi.